UNESCO shtab-kvartirasida 13-iyun kuni "Ipak yo'li bo'ylab kelajakka oid yoshlar muloqoti" mavzusida simpozium o'tkazildi.
"Dunyo" AA xabar berishicha, tadbir O'zbekistonning mazkur tuzilmadagi doimiy vakili, YUNESKOning "Ipak yo'li" dasturi va Xitoyning tashkilotdagi diplomatik vakolatxonasi bilan birgalikda tashkil etildi. Unda UNESKO Bosh direktorining tabiiy fanlar bo'yicha yordamchisi Lidiya Brito, a'zo davlatlarning UNESCO huzuridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va vakillari hamda yosh olimlar, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Ipak yo'lining tarixiy merosi va turli madaniyat va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga qo'shgan hissasi, jumladan san'at va adabiyot, falsafa va ma'naviyat, fan, bilim va nou-xau kabi sohalarni muhokama qildi. Umumiy rivojlanish va barqaror tinchlik uchun Ipak yo'li bo'ylab turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot va almashinuvlar muhimligini ta'kidladi.
Xususan, O'zbekistonning UNESCOdagi doimiy vakili tadbir ishtirokchilariga Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan Buxoro, Samarqand va Xiva kabi tarixiy shaharlarining turli xalqlar, madaniyat va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqotni rivojlantirish, ilmiy kashfiyotlar, texnologiyalar va intellektual an'analar almashishdagi o'rni haqida ma'lumot berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi O'zbekistonda ilm-fan, ta'lim va madaniyatni rivojlantirish orqali Uchinchi Renessansni barpo etishga alohida e'tibor qaratayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, ishtirokchilar O'zbekistonning ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, yetakchi jahon ilmiy markazlari bilan sheriklik aloqalarini yo'lga qo'yish, yangi tadqiqot tarmoqlarini yaratish, dunyoning turli mamlakatlari va mintaqalari o'rtasida ilmiy-texnika almashinuvini kengaytirish bo'yicha xalqaro tashabbuslar bilan tanishdi.
Xususan, Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani, sun'iy intellekt etikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun Beruniy nomidagi UNESCO – O'zbekiston xalqaro mukofoti ta'sis etilgani ta'kidlandi.

