So‘fi Olloyor nimasi bilan mashhur bo‘lgan?

So‘fi Olloyor nimasi bilan mashhur bo‘lgan?

So‘fi Olloyor (1644, Kattaqo‘rg‘on bekligi Minglar qishlog‘i – 1724, Denov) – tariqat arbobi va mutasavvif shoir.

O‘z davrining barcha asosiy ilmlarini egallagan, arab va fors-tojik tillarini o‘rgangan. Buxoro xoni Abdulazizxon (1645–1680) tomonidan boj mahkamasiga to‘ra etib tayinlangan. So‘fi Olloyor bu lavozimdan tezda iste’fo berib, o‘z davrining mashhur shayxi Navro‘zga shogird tushgan. So‘fi Olloyor ijodining asosiy yo‘nalishi – ma’rifatni keng xalq orasiga yoyish va tasavvufning insoniy kamolot bilan bog‘liq g‘oyalarini targ‘ib- tashviq qilishdan iborat. U she’rlarini turkiy va forsiy tillarda yaratgan. Uning shoh asari «Maslak ul-muttaqin» (o‘zbek tilida nazmda qisqartirilgan variantlari: «Maslak ul-orifin» yoki «Sabot ul-ojizin») bo‘lib, o‘zbek falsafiy didaktik adabiyotining yetuk namunasidir. Bu asarlar maktab va madrasalarda asosiy darsliklar qatorida o‘qitilib kelingan. 

Pandu hikmatga yo‘g‘rilgan bu asar nafaqat Turkiston, balki Qashqardan tortib Itil (Volga), Yoyiq (Ural) daryolari vohalari, Hojitarxon (Astraxan), Orenburg va boshqa mintaqalarda yashovchi xalqlar orasida ham keng tarqalgan.

Surxondaryo viloyati arxeologik yodgorliklaridagi bitiklar haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafiyasi” turkumidagi “Surxondaryo” kitob-albomidan olishingiz mumkin.