Sharqshunoslik institutida fondida “Shohnoma” qo‘lyozmalari bormi?

Sharqshunoslik institutida fondida “Shohnoma” qo‘lyozmalari bormi?

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti o‘z fondlari bilan jahondagi eng katta ilmiy xazina hisoblanadi.

Institutda umuman olganda saqlanayotgan turli hajmdagi qo‘lyozmalar soni 26000 jilddan oshadi.  Ayni paytda  jamg‘armada alohida varaqlarda saqlanayotgan uch yuz dona miniatyura va xattotlik namunalari borligini ham taʼkidlab o‘tish joiz.

Buyuk fors shoiri Abulqosim Firdavsiy (934-1024) mashhur asari “Shohnoma” dostonlari o‘zbeklar uchun begona emas. Asarni o‘rta asr shoirlari hamda zamonamiz shoirlari va tarjumonlardan Hamid G‘ulom,  Nazarmat, Shoislom Shomuhamedov, Jumaniyoz Jabborov qisman o‘zbek tiliga tarjima qilgan.   “O‘zbekiston madaniy merosi” loyihasi doirasida chop etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” uchinchi qismida (Badiiy adabiyot, 23-jild, 36-bet)  qiziq maʼlumot bor: “XI asrdagi badiiy adabiyotga oid asarlar institut fondida ancha ko‘p va rang-barangdir. 

Ular orasida nazmiy kitoblar salmoqli o‘rin tutadi. Atoqli fors shoiri Abu-l-Qosim Hasan ibn Isʼhoq at-Tusiy Firdavsiyning (vaf. 1020 – 1025 yy. orasida) mashhur “Shohnoma” dostoni taxminan 1010 yil yozib tugatilgan. “Shohnoma”ning institut fondidagi eng erta ko‘chirilgan nusxasi 1450 yilga oid bo‘lsa, eng so‘nggisi 1865 yil ko‘chirilgan. Mazkur asarning jami yigirmata nusxasi saqlanadi. Ulardan ko‘plari chiroyli tarzda bezatilgan va nafis nastaʼliq xatida ko‘chirilgan”.

Aksar nazmiy va tabiiy fanlarga oid qo‘lyozmalar  miniatyuralar bilan  bezatilgani eʼtiborga molikdir. Qo‘lyozma asarlardagi miniatyuralar soni asarning xususiyati, kitobat qiluvchicharning ijodiy saviyasi, buyurtmachilar didi yoki boshqa baʼzi sabablarga bog‘liq bo‘lgan. Ayrim qo‘lyozmalarga o‘nlab miniatyuralar chizilgan. Mazkur to‘plamning berilgan maʼlumotiga ko‘ra,  Firdavsiyning XVI asrda Xivada ko‘chirilgan (inv. № 1811)  “Shohnoma” dostonlari qo‘lyozmasi 115 miniatyura bilan bezatilgan. Bu ajoyib fakt.

Jumladan, 1450 yilda Muhammad ibn Yahyo Sulaymon, shuningdek  1556-1557 yilda kotib Hamdamiy tomonidan  nastaʼliq xatida ko‘chirilgan nusxalar “Shohnoma” dostonlari qo‘lyozmasining nodir nusxalari hisoblanadi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti toʻplami” kitob-albomida (XXIII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.