Shokila taqinchog'i nimani anglatgan va uni qachon taqishgan?

Shokila taqinchog'i nimani anglatgan va uni qachon taqishgan?

Xivada kelin libosi chakkadan ko‘krakkacha osiladigan shokilali bezak bilan to‘ldirilgan.

Tarix muzeyining qimmatbaho metallar bo‘limi to‘plamida xuddi shunday ikkita taqinchoq saqlanadi. Birinchisi Jobajiy Bexchanovdan 100 rublga sotib  olingan. O‘z navbatida u Xivadagi kumush rastasidan xarid qilingan. Taqinchoq kumushdan, tilla suvi yuritilgan, feruza, marjon va aqiq toshlari bilan bezatilgan va ikkita chakka halqalari hamda bir-biriga mayda shokilalar ilingan ingichka sim  bilan bog‘langan. Halqalarga yassi aqiq toshi va uni o‘rab turgan feruzalarning har biri yopishtirilgan aylana – pitradon kavsharlangan. Pitradonning pastki qismi markazida halqasimon ilgakka beshta nafis to‘rli dumaloq shakllardan iborat uzun shokilalar ilingan hamda mayda ilgaklar bilan bezatilgan marjonli burama simlar bilan o‘zaro bog‘langan.‌‌

Ikkinchi shokila bezagining shakli ancha murakkab. U uzun shokilali ikkita chakka halqasi bo‘lib, uchta zanjir bilan birlashtirilgan. Qalin simdan yasalgan halqalarning pastki qismi yashil shisha gardish bilan bezatilgan, uyachasiga feruza, yamalgan joylariga marjon qadalgan. Gardishning pastki qismiga shokilalar, pitradonlar va har biriga paxta ko‘sagini aks ettiruvchi nafis to‘rli yumaloq shakllar ilingan mayda halqalardan iborat uzun shokila yopishtirilgan. Burama simli marjonli zanjirning pastki soqqasiga mastikadan tayyorlagan uchburchak tumor ilingan bo‘lib, uning uyachalariga yashil shisha va mayda feruzalar qadalgan. Uchburchakning pastki chekkasiga yarim yumaloq qo‘ng‘iroq shaklidagi uchta uzun shokila – mayda marjonlar va bodomsimon pitradonlar bilan bezatilgan g‘o‘za shaklidagi uchta uzun shokila ilingan. Jubbalarni birlashtiruvchi uchta zanjirda kumush qoplangan yirik oval bezak joylashtirilgan bo‘lib, yuza qismi qizil zarqog‘ozda pechak simdan naqshli gajak bilan bezatilgan.

Ushbu ajoyib ziynat 1951 yilda Xivada O‘zbekiston tarixiy-maishiy ekspeditsiyasi tomonidan Matnazar Yoqubovdan sotib olingan, ushbu buyum sotuvchining otasi bo‘lgan usta zargar tomonidan yasalgan bo‘lib, unga to‘yida hadya qilingan. Shokila nafaqat zargarlik buyumi, balki yomon ko‘zdan asrovchi, yaxshilik ramzi, to‘kin-sochinlik, serpushtlik va otaning o‘g‘liga bo‘lgan mehrini ko‘rsatuvchi timsol bo‘lgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston zargarlik buyumlari jaxon to‘plamlarida" kitob-albomida ( XLV jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Shokila taqinchog'i nimani anglatgan va uni qachon taqishgan?
Shokila taqinchog'i nimani anglatgan va uni qachon taqishgan?