Arxiv materiallarida muzey to‘plamida saqlanayotgan buyumlarni yasagan toshkentlik ustalarning nomlari saqlanmagan. Buxoroning «Qizil maʼdanchi» zargarlar ustaxonasidan Parij anjumanida Sharif Baqoyev, Maksin Muxtorov,Mirxo‘ja Madaminov, Muhiddin Zaudinov va Ahad Samadovlar ishtirok etishgan.
1920 yillar oxiri – 1930 yillar boshlarida o‘zbek zargarlari artellarga birlasha boshlagan. Shu tariqa zargarlik kasbi eski badiiy markazlarning hududiy o‘ziga xosliklarini saqlagan, yangiliklar bilan boyitilgan holda rivojlana boshlagan.
O‘rta Osiyo xalqlari etnografiyasi va hunarmandchiligi bo‘yicha ilmiy izlanishlar ham davom etgan.
1935–1936 yillarda olib borilgan ekspeditsiyalar natijasida Sanoat kengashi va Badiiy sanoat ilmiy-tadqiqot instituti (BSITI) mutaxassislarida Toshkent hamda Buxorodagi o‘z markazlaridagi anʼanalarini saqlab qolgan ustalarning tilla va kumushdan ishlangan ishlari katta qiziqish uyg‘otgan. Ikki shahar vakillari ko‘rgazmada qatnashish uchun taklif etildi.
Ularning bosma naqsh, o‘yma naqsh, bezak va qoplama zar sim, qadama naqsh hamda rangli sir qoplangan ishlari barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Ustalar xalqaro darajada ikki zargarlik markazi ishini o‘ziga xos taraflarini muvafaqqiyat bilan namoyish qilganlar. Hozirgi kunda Butunrossiya amaliy bezak va xalq sanʼati muzeyi o‘zbek xalq sanʼati to‘plamida saqlanayotgan zargarlik buyumlari har taraflama xalq amaliy sanʼati anʼanalari hamda milliy sanʼat maktabining boy ijodiy imkoniyatlarini namoyish etib kelmoqda.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston zargarlik buyumlari jaxon to‘plamlarida" kitob-albomida ( XLV jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
Butunrossiya amaliy bezak va xalq sanʼati muzeyi kolleksiyasi (Moskva)
O‘zbekistonning zargarlik sanʼati namunalari Butunrossiya amaliy bezak va xalq sanʼati muzeyi to‘plamining ayollar taqinchoqlari jamlanmasida taqdim etilgan bo‘lib, 1935–1936 yillarda Toshkent va Buxoro zargarlik ustaxonalari vakillari tomonidan Parijdagi Xalqaro ko‘rgazmada namoyish qilinishi uchun O‘zbeksanoat kengashi buyurtmasi asosida tayyorlangan.