XX asr boshlarida zargarlar qanday asbob-uskunalardan foydalanishgan?

XX asr boshlarida zargarlar qanday asbob-uskunalardan foydalanishgan?

Zamon o‘zgarishi bilan zargarlar asbob-uskunalari biroz o‘zgarib borgan va maxsus asboblar to‘plami hamda o‘rtacha kattalikdagi temirchilik o‘chog‘idan iborat bo‘lgan.

 Eritilgan kumush reja deb ataladigan maxsus andazaga quyilgan, u o‘rtasi o‘yiq, uzun to‘rtburchak ko‘rinishidagi metall quyiladigan qolipdir. Bir tomonida qayrilma changakli ilgak-tutqich, boshqasida gardishsimon oval shaklida kungurali bo‘rtiq mavjud bo‘lgan. 

Metall uchun maxsus qolipda kumush yupqa gardish ko‘rinishida qotib, chetlari pastga qiyshaytirilgan chog‘ish – bolg‘a zarblari tufayli yupqa varaq yoki chorqirra metallga aylangan. Cho‘kichcha – yog‘och sopli kichikroq bolg‘a yengil taqinchoqlarni qoliplash uchun ishlatilgan. Kirya taxtasida bir necha qator qilib joylashtirilgan yupqa chorqirra kumushni atayin bir oz qiyshaytirilgan, turli o‘lchamdagi uchi kengaytirilgan dumaloq teshiklari bor cho‘ziq gardishli teshikdan o‘tkazib, simni cho‘zish mumkin bo‘lgan. Simni ichki chetlari yassi, tashqi tarafi yumaloq shaklli ombur yordamida ushlab cho‘zishgan.Kerakli uzunlikdagi simni usta qaychi yordamida kesib olgan.

Toshlarni o‘rnatish uchun tekis va keng dastali chiptak qisqichidan foydalanilgan. Pastqam bo‘rtma naqshlar chiqarish uchun ustalar turli shakldagi iskanalar, bezaklarni qoliplash uchun uchlari kengaytirilgan yumaloq tayoqcha ko‘rinishidagi menkal-dastalar ishlatishgan. Har bir zargarning o‘zi o‘ylab topgan naqshlari bo‘lib, uni o‘yib qirqish uchun butun boshli qoliplar to‘plami bo‘lgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston zargarlik buyumlari jaxon to‘plamlarida" kitob-albomida ( XLV jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.