Bezaklar o‘ziga xos o‘ta nafis o‘ymakor shaklli plastina yoki gumbazcha shaklida bo‘lib, ularga kalitlar yoki pardoz anjomlari mahkamlab qo‘yilgan. Ulardan ba'zilari 1946 yilgi ekspeditsiya tomonidan xarid qilingan, boshqalari V.A. Razvadovskiy, A.I. Smirnov, M.N. Xalaminskaya tomonidan yig‘ilgan kollektsiyalardan kelib tushgan.Ushbu osma zeb-ziynatlar qadimgi paytlarda soch turmak usti bezaklari sifatida ishlatilishi mumkin edi. Keyinchalik vazifasi o‘zgarib, ular ko‘krakka taqiladigan bo‘lgan.
Islomning an'anaviy zargarlik zeb-ziynatlariga ta'siri shakli va bezatilishiga ko‘ra, turli ko‘rinishga ega bo‘lgan har xil tumor buyumlarining keng tarqalishida namoyon bo‘lgan. To‘g‘ri to‘rtburchak, uchburchak yoki silindrsimon kumush qutichalar Qur'on matnlarini saqlash uchun mo‘ljallangan. Yozuvlar va tumorlarda ko‘pincha Qur'onning ma'lum suralari yozilib, ular kumush g‘iloflarga solingan. Zargarlik tumor buyumlari ko‘p hollarda o‘yib yozilgan ezgulik tilash turidagi yozuvlar yoki she'riy satrlar bilan bezatilgan. Muzey kollektsiyasida O‘zbekistondan kelib chiqqan yigirmadan ortiq tumor buyumlari va tumor shaklidagi osma zeb-ziynatlar hisoblangan bir qancha shodalar bor.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston zargarlik buyumlari jahon to‘plamlarida" kitob-albomida (XLV jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

