Ammo matnlarning katta qismi yo‘qolib ketgan. Matnlar boshi va so‘ngida bir necha harflargina saqlangan, xolos (asl matnlarni kvadratsimon qavslar ichiga oldik). So‘nggi ta’mirlash ishlarining birida (2007) mehrob ravog‘i atrofidagi matnlarning asosiy qismi tiklangan.
Zamondosh xattot H. Solih saqlanib qolgan harflar qoldiqlari, arxiv fotosuratlariga qarab, qolgan yuza o‘lchamlaridan kelib chiqib, bu yerda Qur’oni karimning “Toho” surasi 132-oyati yozilgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilgan edi. Bitikning qayta tiklangan qismi xat uslubi asliyatdan saqlanib qolgan qismdan jiddiy farq qiladi. Shuningdek, qaysi asoslardan kelib chiqqan holda harflar sarg‘ish-qizil (oxra) rangda bo‘yalgani, qolaversa, asl kitobiy matn qaysi rangda bo‘lgani ham ma’lum emas. Ustiga-ustak, tiklangan matnlar va naqshlar gipsdan yasalgan odatdagi andozaviy plitalar ustiga tushirilgan. Vaholanki, asliyati nafis ganch o‘ymakorligini o‘zida ifoda etgan edi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan [boshlayman]. Ahlingizni namoz [o‘qish]ga buyuring va [o‘zingiz ham] unga [namozga] bardoshli bo‘ling! Sizdan rizq so‘ramaymiz, [aksincha], Biz sizga rizq berurmiz. Oqibat [yaxshiligi] taqvo [ahli]gadir.
Mehrob toqi ravog‘i tepasida 2007 yildagi ta’mirlash chog‘ida o‘ymakori g‘ishtlarni figurali terish uslubida amalga oshirilgan yana bir bitik mavjud. Xattot – H. Solih1. Xati – kufiy.
Harflarning yuqoridagi qismlari yelpig‘ichsimon nabotiy-islimiy naqshlar bilan bezatilgani bitikka alohida nafislik baxsh etgan. Kitobada «Basmalla» بسم الله الملک – «Podshoh Allohning nomibilan [boshlayman]», – formulasi kufiy xatida yozilgan.
Surxondaryo viloyati arxeologik yodgorliklaridagi bitiklar haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafiyasi” turkumidagi «Surxondaryo» kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.


