O‘sha paytda to‘plamda donorning Indoneziyadagi to‘qqiz yillik diplomatik xizmati davrida qo‘lga kiritilgan 4 000 ta artefakt mavjud edi. Bunday shaxsiy to‘plam qiymati va hajmi jihatidan o‘sha paytlarda o‘zgacha to‘plam hisoblanardi. Anjey Vavjinyak Vyetnam, Indoneziya, Laos, Nepal va Afg‘oniston davlatlarida diplomatik faoliyat yuritar ekan, Osiyo, Avstraliya va Okeaniyaning qariyb barcha mamlakatlariga sayohat qiladi. Holbuki, Indoneziya uning asosiy ilhom manbailigicha qolgan edi. Shu sababli muzeyning ilk nomi Nusantara arxipelagi muzeyi bo‘lgan, negaki ushbu mintaqa malay tilida shunday nom bilan mashhur. Indoneziyadan tashqari boshqa hududlardan ham to‘plamlar yig‘ila boshlangach, 1976 yilning 1 yanvarida muzeyning nomi Varshava shahridagi Osiyo va Tinch okeani muzeyiga o‘zgartirildi.
2017 yilda muzey asoschisi hamda unga 40 yil (2013 yilgacha) rahbarlik qilgan Andjey Vavjinyak nomi muzey nomiga qo‘shildi.
Hozirgi kunda muzey Osiyo qit’asining deyarli har bir mamlakati va Okeaniyaning ko‘plab mamlakatlaridan keltirilgan 23 mingdan ziyod buyumga joy bergan. Asoschining yon qurollar (yoki cho‘ntak qurollari), hashamdor gazlamalar, sanoqsiz teatr qo‘g‘irchoqlari va niqoblari, musiqiy asboblar, XX asr rassomlari tomonidan yaratilgan suratlar va haykaltaroshlik asarlaridan tashkil topgan Indoneziya to‘plamidan tashqari Mongoliya, Hindiston, Nepal, Tibet, Vyetnam, Birma, Laos, Xitoy, Afg‘oniston, Papua-Yangi Gvineya va Vanuatu to‘plamlari ham sanoqsiz hadyalar va xaridlar sharofati bilan muzey to‘plamlari ichida o‘zgacha ko‘lamda taqdim etilgan.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan “Polsha muzeylaridagi O‘zbekiston madaniy merosi”(XL jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.