Jahon rassomlari ijodiga katta taʼsir ko‘rsatgan sharqning buyuk miniatyurachisi

Jahon rassomlari ijodiga katta taʼsir ko‘rsatgan sharqning buyuk miniatyurachisi

Kamoliddin Behzod Sharqning o‘rta asrlar va keyingi asrlarda ham o‘z isteʼdodi bilan zamondoshlari orasida juda ko‘plab haqli eʼtiroflarga sabab bo‘lgan sanoqli musavvirlaridan biri sanaladi.

Rus rassomi va tasviriy sanʼat nazariyotchisi Vasiliy Kandinskiy Kamolddin Behzod ijodiga bergan taʼrif ham buni yaqqol isbotlaydi: “Soddaligi – o‘ta johilona. Murakkabligi boshni aylantirib qo‘yadi”.

Islom anʼanasiga ko‘ra, Moniy tasviriy sanʼat asoschisi, bemisl va betakror musavvir sanalgan. Uning mashhur “Arjang” asari esa, qadimgi davr tasviriy sanʼatining eng sara mahsuli hisoblangan. XV asrning oxirgi choragi — XVI asrning birinchi yarmida juda mashhur bo‘lgan hirotlik usta Kamoliddin Behzodning zamondoshlari, shuningdek Sharq miniatyurasi nafis sanʼati bilimdonlari va musavvirlarining davomchi avlodlari uni Moniydan keyingi ikkinchi eng buyuk rassom deb hisoblaydilar.
Jahon rassomlari ijodiga katta taʼsir ko‘rsatgan sharqning buyuk miniatyurachisi


U haqda moziyning eng yaxshi solnomachilari va ziyolilari, tarixchi Xondamir, fors xattoti, rassom va sanʼat ustasi Do‘stmuhammad, tarixchi va jangchi Mirzo Haydar, Hindistondagi Boburiylar imperiyasi asoschisi Bobur, xattot va rassom Qozi Ahmad va boshqalar o‘z fikrlarini yozib qoldirgan.

Uning ijodiy merosi Rus va G‘arbiy Yevropa rassomlari ijodiga ham katta taʼsir ko‘rsatgan.

Rus rassomi va tasviriy sanʼat nazariyotchisi Vasiliy Kandinskiy Behzod ko‘rgazmasi haqidagi maqolasida quyidagilarni ham yozgan edi: «Bu asar inson qo‘li bilan yaratilganiga ishonish qiyin! Uning oldida o‘zingizni xuddi o‘z-o‘zidan, ilohiy mujda bilan yaralgan narsa oldida turgandek his qilasiz. Soddaligi – o‘ta johilona. Murakkabligi boshni aylantirib qo‘yadi, juda nozik, odamlarning asriy orzularidagi hislari kabi nafis. U qandaydir moʻjizaviy tarzda birinchi – yorqin, bo‘m-bo‘sh ichki taassurotlar kabi sodda va jo‘n (biz, yevropaliklar adashib “dekorativlik” sifatida ko‘radigan, doimiy ustunlikka ega bo‘lgan va hech narsa bilan o‘chirib bo‘lmaydigan) tasvirni jo‘shqin va turfa xil detallar bilan birlashtira olgan...»

Fransuz rassomi, o‘ymakor va haykaltarosh, modernizm davrining asosiy rassomlaridan biri Anri Matiss esa 1910 yilda Myunxenda Behzodning miniatyuralari namoyish etilgan «Musulmon sanʼati ko‘rgazmasi»ga tashrif buyurgach, o‘z ijodiy uslubini sezilarli darajada o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelgan.

Jahon rassomlari ijodiga katta taʼsir ko‘rsatgan sharqning buyuk miniatyurachisi

Agar sharq qalamkashlari Behzodni Moniy bilan qiyoslagan bo‘lsa, yevropalik tadqiqotchilar uni «Sharqning Rafaeli» deb ataganlar. Ularning barchasi uchun Behzod nafaqat Bag‘dod, Tabriz, Sheroz, Samarqand yoki Shohruh va Boysunqur davridagi Hirotning o‘zidan oldingi o‘tgan musavvirlarining ijodiy tajribasini go‘zal tarzda umumlashtirgan shaxs, balki uni jonlantirib, keyingi asrlarda, sanʼatda yangi yo‘nalishga asos solgan, o‘z davrining badiiy yutuqlari timsoliga aylangan.

Rassom sifatida juda mashhur bo‘lishiga qaramasdan, uning tarjimai holi unchalik yoritilmagan va musavvir haqidagi maʼlumotlardan uning hayot yo‘li haqida umumiy tasavvurlar olish mumkin, xolos. Musavvirning dunyodagi ko‘plab muzeylar va xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan asarlari ham juda katta bahslarni keltirib chiqaradi, chunki ulardan baʼzilari hali to‘liq o‘rganilmagan va bu uning haqiqiy asarlarining to‘liq ro‘yxatini shakllantirish uchun monelik qiladi.

Manba: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining "Moniyni xijolatda qoldirgan» Kamoliddin Behzod" kitob-albomi.  

Loyiha bosh homiysi: Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Jahon rassomlari ijodiga katta taʼsir ko‘rsatgan sharqning buyuk miniatyurachisi