Uspenskiy albomi: Fitrat fotoportreti va "Sharq musiqa maktabi"

Uspenskiy albomi: Fitrat fotoportreti va "Sharq musiqa maktabi"

1850-yil oxirlari – 1870-yil boshlarida Turkistonda fotosuratlar ommalashishi bilan musiqa ushbu hududga keluvchi rus, yevropalik professional fotosuratchilar va shunchaki fotoapparati bor kishilarning diqqatiga sazovor obyektlardan biriga aylandi. Oʻsha davrning mashhur va nomaʼlum fotosuratchilarining yuzlab suratlarida davlat, jamiyat va shaxsiy hayotdagi musiqa mavzusi oʻz aksini topgan...

 

Uspenskiy albomi: Fitrat fotoportreti va "Sharq musiqa maktabi"

V. A. Uspenskiy musiqiy etnograf, musiqashunos va bastakorlik sifatidagi kasbiy faoliyatidan tashqari fotosuratchilikka koʻp eʼtibor qaratgan. U ajoyib fotosuratchi boʻlgan va oʻzidan keyin Oʻrta Osiyoning turli xalqlari – oʻzbeklar, turkmanlar, tojiklar, baluj va boshqalarning anʼanaviy musiqasi rivojini ifoda etgan koʻplab qimmatli hujjatli fotosuratlarni qoldirgan.

 

V. A. Uspenskiy deyarli oʻzning barcha musiqiy-etnografik ekspedisiyalarida Oʻzbekistonning turli shaharlarida xalq musiqachilarini suratga olgan. Shu maʼnoda uning Buxoro musiqiy madaniyati bilan bogʻliq nodir fotosuratlar turkumini oʻziga jo qilgan "Musiqiy etnografik albomi" alohida oʻrin egallaydi. Albom 38 dona fotosuratdan iborat boʻlib, ularning katta qismi oʻzbek xalqining musiqiy madaniyatiga oid. 

 

Albomdagi fotosuratlarning katta qismi, koʻrinishidan, V. A. Uspenskiy tomonidan 1922 – 23-yillarda Buxoroda olingan. Musiqashunos Buxoroga taʼlim vaziri Abdurauf Fitratning taklifiga koʻra borgan va Buxoro shashmaqomini yozish bilan shugʻullangan. Fotosuratlarda Buxoroda oʻsha davrda yashagan mashhur va uncha nomi chiqmagan koʻplab musiqachilar – Ota Gʻiyos, Ota Jalol, Domla Halim Ibodov, Levi Boboxonov, Haydarqul va boshqalar aks etgan. 

Uspenskiy albomi: Fitrat fotoportreti va "Sharq musiqa maktabi"
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi maorif vaziri Abdurauf Fitrat
Buxoro, 1923-y.

Abdurauf Fitratning oʻz ish xonasida V. A. Uspenskiy tomonidan olingan, shu kungacha maʼlum boʻlmagan fotoportreti alohida diqqatga sazovor. 

 

Oʻsha davrning rus va oʻzbek ziyolilari (masalan, Gʻulom Zafariy) jamoaviy fotosuratlarda aks ettirilgan. Buxoroda Abdurauf Fitrat asos solgan mashhur "Sharq musiqa maktabi"ning oʻqituvchilari va oʻquvchilarining umumiy fotosurati ham bor. Suratda Ota Gʻiyos, Ota Jalol, Abdurauf Fitrat va Oʻzbekistonning boshqa mashhur musiqachilari tasvirlangan. 

Uspenskiy albomi: Fitrat fotoportreti va "Sharq musiqa maktabi"
Eski Buxorodagi "Sharq musiqa maktabi" o'quvchi va o'qituvchilari
Oxirgi qatorda, markazda - Fitrat, 1923-y.

V. A. Uspenskiyning fotosuratlaridagi bir qator shaxslar hali aniqlanmagan.