Shohona boburiy qilichlari

Shohona boburiy qilichlari

Malayziya Islom san’ati muzeyida 4 ta shohona boburiy qilich saqlanadi. Qilichlardan biri Boburiylar sulolasining uchinchi hukmdori Akbarga, ikkinchisi Jahongirga, uchinchisi Shoh Jahonga va to'rtinchisi Avrangzebga tegishli deb hisoblanadi. 

HUKMDOR AKBAR QILICHI, Boburiylar Hindistoni, XVI–XVII asrlar

Shohona boburiy qilichlari

Qilichga Hukmdor Akbar nomi fors tilidagi bayt shaklida nasta’liq xatida tig‘ning orqa chetiga zarhal bilan o‘yib yozilgan. Bitik matni: “Shamshir-etir-eahi / namud ast tigh-hāsil-e sar afrozi Jalol ad-Din Akbar Shāh-e G‘oziy” (“Yashindek og‘riq nafasini beruvchi tig‘ / Jaloliddin Akbar Shoh G‘oziyga mansubligi bilan shon-sharafga sazovor qilich”). Bu baytdan tashqari, orqa tomonda yana bir yozuv mavjud: “Sar-i doshman be zir-e Zu al-Faqor ast, be vaqte bi kasi, Alloh yār hast” (“Dushman boshi Zulfiqor (ya’ni Hazrati Alining qilichi) ostidadir; inson yolg‘izligida Alloh unga yordir”).

Qilich tig‘i, ehtimol, Germaniya yoki Italiyada yasalgan. Yevropa tig‘li boburiy qilichlar odatda farangi (so‘zma-so‘z “fransuzlarniki”) deb atalgan. Qilich dastasi gulsapsar va barglar shaklidagi yirik zarhal naqshlar bilan bezatilgan. Sopning oval shakli, uchi chiqib turuvchi yassi qubbali, kalta tutqichi, tig‘ajratgich va toraygan hadli ushlagich XVI asr oxiri – XVII asr boshlari qilichlariga xos.
Damashq po‘lati, oltin; zarb qilingan, kavsharlangan, parchinlangan. Uzunligi – 91,5 cm. Umumiy kengligi – 9 cm. Tig‘ning kengligi – 2,9 cm.

 

HUKMDOR JAHONGIR QILICHI, Boburiylar Hindistoni, XVII asr

Shohona boburiy qilichlari

Hukmdor nomi “Jahongir Shoh” qilich tig‘idagi jimjimador lavhada zarhal harflar bilan o‘yib yozilgan. Qilichdagi ikkinchi jimjimador lavhada bir nechta ochilmagan harf va raqamlar mavjud – ehtimol bu saltanatning allaqanday muhim belgilaridir. Jahongir hukmronlik qilgan yil “3 yil” deb qayd etilgan, bu 1607-1608-yillarga to‘g‘ri keladi. Qilichning go‘zalligi uning to‘q ko‘k rang bilan sirlangan va turli toshlar qadab, olti bargli gul naqshlari bilan bezatilgan mis dastasida. Qilichning kalta g‘adir dastasi va kalta tig‘to‘sgichi bor. Tepa qismi disk shaklidagi qubba bilan bezatilgan. Egri bir tomonlama keskir tig‘da yarim oy va dumaloq zarhallangan belgining har ikki tomonida ikkita yulduz tasvirlangan. Bu belgilar pichoqni venetsiyaliklar qilganligini ko‘rsatadi. Qilichning qini yo‘q bo‘lsa-da, qilich bir paytlar Hindistonning markaziy qismidagi hukmron sulola a’zosi bo‘lgan Sindxiya Maharojasi Gvalior tasarrufida bo‘lganligi haqida xat saqlanib qolgan. Shuningdek, xatda qilich sotuvga qo‘yilmagan deb yozilgan. Sopi – sirlangan mis qotishmasi, toshlar qadalgan. 

Zarblangan, temir, zarhal. Uzunligi – 84,4 cm. Umumiy kengligi – 8,7 cm. Tig‘ kengligi – 2,9 cm.

 

SHOH JAHON QILICHI, Boburiylar Hindistoni, XVII asr

Shohona boburiy qilichlari

Ushbu qilich tig‘ida Shoh Jahonning faxriy unvoni – “Sohibqironi Soniy” (“Yulduzlar/sayyoralar baxtli birikmasining ikkinchi sohibi”) deb o‘yib yozilgan. “Sohibqironi Soniy” unvonini ilk bor Amir Temur ishlatgan. Asrlar o‘tib, Shoh Jahon o‘zini ikkinchi Sohibqiron deb atadi. Bu sharafli unvon Boburiy hukmdorlar va ularning turkiy ajdodlari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydi. Shoh Jahon bu unvon bilan g‘ururlanardi va uni saltanatdagi bir nechta san‘at inshootlari bezagiga kiritishni buyurgan. 
 

Shoh Jahonning qilichi tilla qadamali shohona soyabon bilan bezatilgan. Dastasining uslubi va tashqi ko‘rinishi jihatidan ajdodi – hukmdor Akbar qilichining dastasi bilan deyarli bir xil bo‘lib, ular xuddi shu saroy ustaxonasida yasalganidan dalolat beradi. Bir-biriga bog‘langan uzum mevalari bilan bezatilib, oltin bilan zeb berilgan.

Damashq po‘lati, oltin; zarb qilingan, o‘yma naqsh, kavsharlangan, parchinlangan. Uzunligi – 86,1 cm. Umumiy kengligi – 8,2 cm. Tig‘ kengligi – 2,7 cm.

 

HUKMDOR AVRANGZEB QILICHI, Boburiylar Hindistoni, XVII–XVIII asrlar

Shohona boburiy qilichlari

Tig‘ muhrasida Olamgir Shoh deb o‘yib yozilgan. Tig‘ida Qur’on oyati (Fath surasi, 48:1) hamda tig‘ o‘qchasida hukmdor ismi bitilgan ikkita jimjimador lavha mavjud. Har ikkala holatda ham ism Avrangzeb rasmiy muhrida ishlatgan unvon bilan – Olamgir Shoh deb yozilgan. Qilich dastasi – tulvor – koftgari (po‘latga zarhal naqsh berish) usulida ishlangan gulli bezaklar bilan bezatilgan. Qilich to‘q qizil yoki qizil rangli uzun baxmal qinga joylashtirilgan. Bu manzara Avrangzeb qilichning bu turini afzal ko‘rganini tasdiqlaydi, bizgacha omon qolgan namuna ham shuning isboti. Toblangan temir, oltin; zarb qilingan, parchinlangan.

Uzunligi – 89,3 cm. Umumiy kengligi – 10,5 cm. Tig‘ kengligi – 3,7 cm.