Samarqand arxeologiya instituti hamda Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti Ipak yo‘li arxeologiyasi tadqiqot markazi hamkorlikda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi Ozod yodgorligida arxeologik qazuv-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Yodgorlik 2023-yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qismida o‘tkazilgan dala-qidiruv ishlari davomida aniqlangan. U Ozod qishlog‘ining janubi-sharqida, Dalvarzintepa yodgorligidan qariyb 6 km janubi-sharqda joylashgan. U hududda aniqlangan eng qadimgi qabristonlardan biridir. Bu yerda 100 ga yaqin qabr mavjudligi aniqlangan.
Hozirda Ozod yodgorligidagi 10 dan ortiq qabrda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Topilmalar Sopolli madaniyatiga xos, ularning qiyosiy-tipologik tahlillari esa yodgorlik mil. avv. 1700–1500-yillarga borib taqalishini ko'rsatmoqda.
