"Bog'lar o'lkasi"dagi Bog'istoniy maqbarasi va sirli qayroqtosh

"Bog'lar o'lkasi"dagi Bog'istoniy maqbarasi va sirli qayroqtosh

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi Nanay va Burchmulla qishloqlari oraligʻida Bogʻiston qishlogʻi, yaʼni "bogʻlar oʻlkasi"joylashgan. Bu yerdagi Shayx Umar Valiy Bogʻistoniy maqbarasi faqat Oʻzbekiston aholisiga emas, Markaziy Osiyo xalqlari uchun ham tabarruk ziyoratgoh sifatida mashhurdir.

"Bog'lar o'lkasi"dagi Bog'istoniy maqbarasi va sirli qayroqtosh

Shayx Umar Valiy majmuasi yoki uning boshqa nomi "Mozori Shaxmar buva ziyoratgohi" Mozorsoy va Pskom daryolari kesishgan joyda, qishloqning gʻarbiy qismida joylashgan. 

 

Shayx Umar Valiy Bogʻistoniy oʻz davrida tasavvufning yirik vakili boʻlib, omma orasida avliyo sifatida mashhur boʻlgan. U Toshkent muzofoti (viloyati)ning Bogʻiston qishlogʻida tavallud topgan. Shayx Umar Bogʻistoniyning tugʻilgan yili nomaʼlum, vafoti esa 691/1291-yil. U Shayx Xovandi Tahurning otasi. Shayx Xovandi Tohur ilohiyot va tariqat ilmining ilk saboqlarini oʻz otasidan olgan. Shayx Umar Bogʻistoniyning nasabnomasiga qaraganda, oʻn olti ota-bobo bilan paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomdan keyin chahoryorlarning ikkinchisi – Hazrat Umar ibn Xattobga borib tutashadi.

 

Shayx Umar Valiy Bogʻistoniy Bahouddin Naqshband tariqatida boʻlgani qator manbalarda zikr qilingan. Uning bosib oʻtgan hayot yoʻli ham oʻziga xos kamtarona tarzda kechgan. Bogʻistoniy ilm oʻrganish niyatida Buxoroga keladi va bu yerda Shayx Hasan Bulgʻoriy bilan uchrashib, unga murid boʻladi. U Bulgʻoriy qoʻlida valoyat darajasini topgani tufayli oʻz piri kabi "Shayx" nomiga musharraf boʻlgan. Tasavvufda kamolga yetgandan keyin vatani Bogʻistonga qaytib keladi va xalqni toʻgʻri yoʻlga va ilmu irfonga targʻib qila boshlaydi. 

 

Tarixchi Faxriddin Ali Safiyning "Rashahot" kitobida yozilishicha, Shayx Umar Valiy Bogʻistoniy kamtarona hayot kechirishi bilan odamlarga ibrat boʻlgan. U dehqonchilik va bogʻdorchilik ishlari bilan shugʻullangan va oʻz kasb-koridan halol tirikchilik qilgan. U katta mulla yoki katta soʻfiy boʻlishni oʻziga sharaf deb bilmagan va shuhrat orqasidan quvmagan: oddiy, biroq haqiqiy inson boʻlishga intilganki, buni oʻgʻli Xovandi Tohurga qilgan nasihatidan ham bilib olsa boʻladi. Faxriddin Ali Safiyning kitobida uning oʻz oʻgʻli Xovandi Tohurga aytgan quyidagi soʻzlarini keltiradi: 

 

"Tohur, mulla boʻlma, soʻfi boʻlma, u boʻlma, bu boʻlma, musulmon boʻl". 

 

Shayx Umar Valiy Bogʻistoniyning ushbu soʻzlari ayniqsa, hozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

 

Shayx Umar Bogʻistoniyning biron-bir asar yoki kitob bitgani haqida maʼlumot yoʻq. Lekin u zotning hikmatli soʻzlari yozma va ogʻzaki holda saqlanib qolgan.

"Bog'lar o'lkasi"dagi Bog'istoniy maqbarasi va sirli qayroqtosh

Shayx Umar Valiy maqbarasiga kirish qismida qayroq toshli qabrtosh oʻrnatilgan, unda arab tilidagi yozuvlar bor. Uning bu yerga qanday kelib qolganligi hozircha maʼlum emas. Toshda: "Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Gunohlari koʻp, bechora, arzimas va zaif ... bandaning qoʻli bilan [yozildi]. Azizxoja. 1186/1773–74 [yil]" deb yozilgan.