1937-yilda Varaxsha manzilgohining topilishi O‘rta Osiyo arxeologiyasida muhim ilmiy yangilik bo‘ldi. Ushbu manzilgoh topilmalari "Ark" Buxoro muzey-qo‘riqxonasi muzeyining arxeologik kolleksiyasida alohida o‘rin tutadi.
Varaxsha – Buxoroning buxorxudot hukmdorlari qarorgohi – Buxorodan 40 km shimoli-g‘arbda joylashgan bo‘lib, 9 gektar maydonni egallaydi. Narshaxiyning yozishicha, Varaxshadagi saroyning tengi yo‘q edi. Arxeologik tadqiqotlar obyekti hisoblangan aynan shu saroy arablar kelgungacha bo‘lgan davrlardagi saroy me’morchiligining eng birinchi yodgorligi sanalgan. Qal’aning ichidagi istehkom tevarak-atrofdagi yerlardan 20 m balandlikka ko‘tarilgan. Keng xandaqlar bilan o‘ralgan, balandligi 10 metrgacha bo‘lgan qal’a devorlarining xarobalari saqlanib qolgan.
Varaxsha Buxorodan Xorazmga boradigan sakkiz kunlik cho‘ldan o‘tishdan oldingi yo‘lda joylashgan oxirgi shahar sifatida miloddan avvalgi birinchi asrlarda paydo bo‘lgan. Varaxsha manzilgohi (VII asr) bilan bog‘liq bo‘lgan ashyolar orasida kulolchilik, shisha, zargarlik buyumlari kabi hunarmandchilik mahsulotlari, eng qiziqarlisi esa saroy devorlarini bezab turgan me’moriy bezaklarning fragmentlari mavjud.
Saroyning tantanali qabul marosimlari bo‘lib o‘tadigan ayvoni, shuningdek, devorlari ganchdan o‘yilgan gulli bezaklar va ov manzaralari tasvirlari bilan to‘liq qoplangan. Arxeolog O. V. Obelchenko tomonidan 1980-yilda muzeyga sovg‘a qilingan Varaxshadagi Sharqiy zal devoriy rasmlarining bo‘lagi Buxoro muzeyining faxri hisoblanadi. Ushbu rasm syujetida hukmdorning muqaddas olovga sig‘inayotgani tasvirlangan.