Toshkentdagi Choʻpon ota maqbarasi, arxeologik maʼlumotlarga qaraganda, XVII asrda barpo etilgan. 1950-yili masjidning eski binosiga shimol tarafdan tagʻin bitta choʻzinchoq qishki xonaqoh, sharq tarafdan esa keng oynavand ayvon qoʻshimcha tariqasida qurilgan. 1996 – 1997-yillarda majmua loyihasi qaytadan tuzildi va u mukammal taʼmirlandi, shu tariqa Jomeʼ masjid maqomiga ham ega boʻldi...
_yGvFmcB_1.webp)
Xoja Choʻpon ota meʼmoriy majmuasi Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Lutfiy koʻchasi, 13-mavzeda joylashgan. Rivoyatlarga qaraganda, Choʻpon ota qoʻychivonlarning piri va homiysi sanaladi, oʻzi esa yassaviya tariqati rahnamolaridan biri Sayyid otaning (615/1258-yili vafot etgan) xalifasi – yordamchisi boʻlgan.
Binolarning barpo etilishi toʻgʻrisida bironta tarixiy ma'lumotlar saqlanib qolmagan. Mahalliy afsona va rivoyatlar maqbara qurilishi ancha burungi zamonlarga oidligini koʻrsatadi. Ana shunday rivoyatlardan birida aytilishicha,
Choʻpon ota maqbarasi Sohibqiron Amir Temur farmoyishiga binoan shahar chetida barpo etilgan. Boshqasiga koʻra, maqbara, Choʻpon otaning tushida ayon boʻlgan, undan: "Shu paytgacha mening qabrimdan nishona beruvchi biron nima solinmabdi" degan tanbeh eshitgan Mirzo Ulugʻbek bunyod ettirgan. Mirzo Ulugʻbek ustalarga maqbarani qayerda qurish kerakligi haqida farmon berib, Samarqanddan Toshkentga binokorlik materiallari bilan birga joʻnatadi. Taxminlarga koʻra, bu aynan oʻsha qadamjo boʻlishi kerak... Bu katta xilxona (IX – XIX asrlar) va yerosti masjidi – mozorni, xalq ogʻzidagi rivoyatlarga koʻra, Xoja Ahmad Yassaviyning shogirdi – yassaviya tasavvuf tariqati targʻibotchisi Choʻpon otaning oʻzi qoyatoshdan oʻyib ochgan.
Qayd etish kerak, "Choʻpon ota" nomli qabristonlar Samarqand, Xorazm hududlarida juda koʻp uchraydi. Yana bir Choʻpon ota (Shoʻpan ata) ziyoratgohi Gʻarbiy Qozogʻistonda Xorazmga boradigan karvon yoʻli ustida, Mangʻistov viloyati Eskioʻzan shaharchasidan 42 km oraliqdagi masofada joylashgan.
Maqbarada yozuvlar saqlanmagan. Masjiddagi bitiklar oxirgi taʼmirlash davrida yangilangan.

