Xalq amaliy san’atida bodom naqshi juda mashhur. Turli madaniyatlarda va turli tarixiy davrlarda qo‘llanilgan bu motiv ko‘p ma’noli naqsh sanaladi.
_vlWin6d_1.webp)
Ba’zilar uning kelib chiqishini Misr madaniyati bilan bog‘lashadi, chunki u yerda bodom bug‘doy boshog‘i, kurtak, urug‘ ramzi sanalgan va shunga mos ravishda abadiylik timsoli bo‘lgan. Boshqalar esa naqshning vatani Eron yoki Hindiston ekanligini ta’kidlashadi.

Zardashtiylikni islom dini siqib chiqargach ham bu motiv hech qayerga yo‘qolib ketmagan, chunki u odamlar uchun juda qadrli bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da uning ma’nosi o‘zgargan. U yomon ko‘zlardan asrovchi, rivojlanish ramzi, yangi hayotning ibtidosi sifatida saqlanib qolgan.
G‘arb bunday bodomsimon naqshlar bilan XVII asrdayoq Hindistondan olib kelingan matolar va sholro‘mollar orqali tanishgan. Ko‘p o‘tmay, Shotlandiyaning Peysli shahrida shunga o‘xshash dizayndagi o‘z to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarila boshlandi. Natijada Yevropada bodom ko‘rinishidagi naqshlar peysli nomi bilan tanilgan. XX asrga kelib, bodom naqshlari taniqli dizaynerlarning e’tiborini torta boshlagandan so‘ng, u "sharq bodringi", "turk loviyasi", "hind palmasi yaprog‘i" va hatto "Allohning ko‘z yoshi" degan nomlar bilan ham atala boshlagan.
O‘zbekiston xalq amaliy san’atida bu naqsh kashtalarda, gazlamalarning va kulolchilik mahsulotlarining bezaklarida ko‘proq uchraydi va u bodom naqshi deb nomlanadi.
