Ota va o'g'il portreti

Jahongir davrida muraqqa uchun ishlangan, oliy hokimiyatning vorisiyligi gʻoyasini yoritib beruvchi sulolaviy turkum portretlar rivojlana boshlagan. Bunday portretlarda ota – hukmron podshoh va uning oʻgʻli – voris shahzoda birgalikda aks ettirilgan. 

 

Jahongir hukmronligi davrida nomaʼlum boburiylar rassomi tomonidan chizilgan Mirzo Boysunqur va Shohrux ikkalasi birga tasvirlangan ushbu qoʻshma portret ham ana shunday sulolaviy portretlardan biri boʻlsa-da, u temuriylar sulolasi vakillarining guruh portretiga oldindan tayyorgarlik uchun chizilgan xomaki chizma boʻlishi ham mumkin.

Ota va o'g'il portreti
Mirzo Boysunqur (chapda) va Shohrux (oʻngda) portreti
Boburiylar Hindistoni, XVII asr.
Sanʼat muzeyi. Boston (MFA).


Bu yerda Boysunqur avvalgi portretlaridagiga nisbatan birmuncha kattaroq koʻrinadi. U otasining yonida tiz choʻkkan holatda oʻtiribdi, boshining ustida Buyuk Boburiylar portret sanʼati qoidalariga koʻra bitilgan shaxsini aniqlovchi yozuvlar bor. U endi turkiylarga oʻxshash qiyofada kichkina soqoli bilan tasvirlangan, ustiga temuriylar kiyadigan qaba – qimmatbaho belbogʻli gavdasiga chippa yopishib turgan koʻylak-toʻn (jelak) kiygan. Temuriylar toji oʻrniga boshiga fors podshosining saroy a’yonlari kiyadigan safaviylarning toji haydariysiga aks tarzda Humoyun tomonidan podshohning tor doiradagi yaqinlari uchun oʻylab topilgan toji izzat bosh kiyimini kiygan. 

 

Bu bosh kiyimi Oʻrta Osiyo koʻchmanchilariga xos tarzda kigizdan tayyorlangan baland qalpoq boʻlib, uning atrofiga bir necha marta oʻralgan mato bogʻlangan va pat yoki agraf bilan bezatilgan. Toji izzatni kiyish majburiyati podshoh Akbar voyaga yetgan kunida bekor qilingan va undan keyingi miniatyuralarda uchramaydi. 

 

Garchi ushbu portret tasavvuriy portretlar toifasiga kirsa-da, Boysunqur va Shohruxning qiyofalari bir-biriga juda oʻxshab ketadi.