Joriy yilning 7-11-iyul kunlari O‘zbekistonda I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi. "Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li" mavzusidagi forum Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o'tkaziladi.

Forum Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Islom olami taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni qayta tiklash, noyob qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish, ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bu jarayonlar nafaqat milliy o‘zlikni anglash va uni mustahkamlash, balki O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini xalqaro maydonda yanada keng namoyon etishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va ziyorat-turizm majmuasi kabi muassasalar ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasiga aylandi. Bugun mazkur muassasalarda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoning turli davlatlaridan kelgan olimlar ishtirokida fundamental tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, qo‘lyozmalar ilmiy jihatdan o‘rganilmoqda, yangi akademik nashrlar tayyorlanmoqda.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur nufuzli anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami ilmiy-ma’rifiy hayotida muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda.
Xayrli tashabbuslarning mantiqiy davomi
Forumning eng muhim jihatlaridan biri uning aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boshlanishidir. Bu tasodifiy tanlov emas. Zero, qisqa vaqt ichida mazkur markaz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqadagi eng yirik ilmiy-ma’rifiy platformalardan biriga aylanib ulgurdi.
Markaz bugun ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy merosni o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish bilan birga, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy muassasalar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish hamda yangi tadqiqotlar uchun mustahkam zamin yaratayotgan zamonaviy ilmiy maskandir.
Forumning asosiy tadbirlari ham aynan shu yerda boshlanadi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittiriladi. Shuningdek, ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik, IRCICA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro Turkiy akademiya Prezidenti Shahin Mustafoyev singari yirik xalqaro tashqilotlar rahbarlari, mamlakatimiz vaxorijning nufuzli davlat va jamoat arboblari, olimlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlariishtirok etishini kutilmoqda.
Dunyo olimlarini birlashtiradigan yirik "maydon"
I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Forum doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda 6 ta sohaviy sho‘’ba tashkil etiladi. Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.
Forumda 50 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, mashhur islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.
Forum doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan "Al-Jomi’ as-Sahih" — "Ummat kitobi"mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda tezislar to‘plami, IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilayotgan "Shavkat Mirziyoev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi" kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan hamkorlikda chop etilgan Imom Termiziyning "Shamoili Muhammadiya" asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar forumning eng muhim voqealaridan biri bo‘ladi.
Forum davomida O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy markazlar va xorijning yetakchi ilmiy muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalar, yangi ilmiy nashrlar, arxeologik kashfiyotlar, noyob qo‘lyozmalar va raqamli loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi.
Buyuk meros — jahon olimlari nigohida
Forumning muhim qismini Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyalar tashkil etadi. Ular buyuk allomalarimiz — Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.
Jumladan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan "Imom al-Buxoriyning "Al-Jomi’ as-Sahih" asari — Ummat kitobi" mavzusidagi xalqaro konferensiyada buyuk muhaddisning hayoti, uning ilmiy kamoloti, "Al-Jomi’ as-Sahih" asarining yaratilish tarixi, qo‘lyozmalari, hadislarni saralash uslublari hamda mazkur asarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni atroflicha muhokama qilinadi. Bu konferensiya doirasida beshta plenar yig‘ilish tashkil qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Saudiya Arabistoni, Misr, Marokash, Turkiya, Hindiston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Tunis va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi hadisshunos olimlar ma’ruzalar qiladi.
Imom Moturidiy merosiga bag‘ishlangan konferensiyada esa mo‘’tadillik, diniy bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi kabi masalalar zamonaviy nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Termiz shahrida o‘tkaziladigan anjuman esa Termiz hadis maktabi va Imom Termiziyning jahon hadisshunosligiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Bu konferensiyalar orqali O‘zbekiston nafaqat buyuk allomalar yurti, balki ular merosini tizimli o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishning zamonaviy markazi sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Bugun dunyoda xalqlarni birlashtiruvchi eng kuchli omillardan biri ilm-fan, madaniyat va ma’naviy meros hisoblanadi. Shu ma’noda forum turli davlatlar, sivilizatsiyalar va ilmiy maktablar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, gumanitar muloqotni rivojlantirish va yangi qo‘shma ilmiy tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon vazifasini bajaradi.
