2026-yil 29-iyun kuni Ozarbayjonning Boku shahrida Turk dunyosi haftaligi ish boshladi. Haftalik doirasida “Birinchi turkologiya qurultoyi: Bir asrlik ilmiy va madaniy meros” mavzusida Xalqaro kongress tashkil etildi.

Tadborda Turkiy davlatlari tashkiloti Bosh kotibi, elchi Kubanichbek O'muraliyev nutq so‘zlab, 1926-yilda Bokuda bo‘lib o‘tgan Birinchi turkologik qurultoyning tarixiy ahamiyatini ta'kidladi. U turk davlatlari o‘zaro birdamlik va hamkorlikni yanada mustahkamlanganini qayd etib, hozirgi davrni "Turk dunyosining Oltin davri boshlanishi" deb tavsifladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bagʻishlangan xalqaro kongress qatnashchilariga tabrik yo'lladi.

"Bundan bir asr muqaddam, 1926-yilda Boku shahrida oʻtkazilgan birinchi Turkologiya qurultoyi turkiy xalqlarning ilm-fani va madaniy hayoti rivojida yangi davrni boshlab bergan katta tarixiy voqea boʻlgan edi. Mazkur qurultoyda 11 nafar taniqli oʻzbek ziyolisi ishtirok etganini biz hamisha faxr bilan esga olamiz. Bugun ushbu qutlugʻ sanani xalqaro hamjamiyat vakillari ishtirokida keng nishonlar ekanmiz, ushbu anjuman turkiy xalqlarni birlashtirib turgan mushtarak qadriyatlarga yuksak hurmat va ehtirom ifodasidir. Ishonchim komil, ushbu xalqaro kongress turkologiya sohasidagi ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, samarali tadqiqotlar va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda turkiy xalqlar oʻrtasida doʻstlik va birdamlikni yanada mustahkamlash yoʻlida muhim tarixiy qadam boʻladi", deyiladi tabrik matnida.
Davlat rahbari Turkologiya qurultoyining 100 yilligi munosabati bilan turkiy davlatlarning yetakchi ilmiy markazlari ishtirokida “Turkiy dunyo maʼrifatparvarlari” xalqaro ilmiy-ensiklopedik loyihasini yaratish hamda jadidlik harakati namoyandalarining barcha asarlari va arxiv hujjatlarining yagona raqamli kutubxonasini shakllantirishni taklif qildi.
