Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari va uni yanada rivojlantirish rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda oʻtgan davrda markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi. Jumladan, madaniy merosni qaytarish va fondlarni boyitish yoʻnalishida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jami 1 mingdan ziyod artefakt Oʻzbekistonga qaytarildi.
Taqdimotda madaniy merosni qaytarish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Mazkur yoʻnalishda jahon auksionlari, muzeylar, xususiy kolleksiyalar va xalqaro sanʼat bozorlarida Oʻzbekistonga mansub nodir artefaktlarni izlash, aniqlash, ilmiy oʻrganish, ekspertizadan oʻtkazish, muzokaralar olib borish va ularni Vatanga qaytarish boʻyicha doimiy mexanizm yaratish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, dunyo boʻylab Oʻzbekiston madaniy merosini doimiy monitoring qilish, madaniy meros obyektlarining yagona raqamli maʼlumotlar bazasi va xalqaro reyestrini shakllantirish, Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu borada Xitoy, AQSh, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Oʻzbekiston madaniy merosiga oid kolleksiyalar boʻyicha ham ishlar olib boriladi.

