1960-yillar tarixga “iliqlik” davri sifatida kirdi va O‘zbekiston san’ati tarixidagi eng qiziqarli davr bo‘ldi. O‘z madaniyati va tarixiga, odamlar hayotiga qiziqish kuchayib, chuqurlashib bordi, bu esa o‘z navbatida umuminsoniy, baynalmilal qadriyatlarning milliy xususiyatlarini ochib berishga imkon berdi.
O‘zbekiston san’ati tarixidagi bu davrni milliy romantizm davri, deyish mumkin. Janrli va tarixiy rangtasvir, portret va natyurmort yangi turtki oldi. Bu avlod ustalarining rasmlarida biz nafaqat aniq tarixiy faktlar va hayot hodisalarining aksini, balki ularning falsafiy anglashni ham ko‘ramiz. Bu davrning rangtasvir palitrasi boy va rang-barang, badiiy tasvirlar assotsiatsiyalar va metaforalar bilan to‘ldirilgan. Aynan shu davrda tasviriy tilning an’anaviylik va dekorativlikka moyilligi, stilistikasining o‘ziga xosligini izlash kuchaydi. “Nima” emas, balki “qanday” tasvirlangani muhim bo‘ldi.
San’atda voqelikni aks ettirishning yagona usuli – sotsialistik realizm o‘rnini muallif individualligi, rassomning dunyoni shaxsiy idrok etishi egalladi. Rang, shakl, tekstura rasmga, ifoda va romantikaga qaytadi. 1960-yillar avlodi rus va sovet san’ati an’analariga asoslangan uslubni o‘zlashtirgan o‘zbek rassomlari o‘sha yillarda keng tarqalgan “jiddiy uslub” to‘lqiniga oddiygina qo‘shilgani yo‘q. Ular o‘zlarining ijodiy izlanishlarida milliy o‘zlikni 1920–1930-yillardagi Yevropa postimpressionizmi va Turkiston avangard rangtasviri an’analari bilan sintez qildilar.
L. Rempel ta’kidlaganidek, “Sharqda ranglarning dekorativ yorqinligi haqidagi gapni rasmiyatchilar o‘ylab topmagan… O‘zbekiston tabiati rangining o‘ziga xos xususiyatlari fantastika emas, balki biz e’tibordan chetda qoldirishga haqqimiz yo‘q haqiqatdir”.
1960-yillar ustalarining rasmlarida o‘sha davrning o‘ziga xos ruhi – yorqin ideallarga umid va ishonch ruhi, ijodiy so‘z erkinligi, “dunyoni qutqaruvchi go‘zallik”ni his qilish mumkin. Ushbu davr kolleksiyasi o‘sha paytlar uchun o‘ziga xos bo‘lgan asarlar bilan boyitilgan va rang-barang ko‘rinishga ega: V. Burmakinning “Boysun madonnasi”, R. Choriyevning “Qumqo‘rg‘on olmalari” va uning zamondoshlari portretlari – “Sayroblik chol”, “Samarqand kuloli H. Haqberdiyev”; Y. Melnikovning sharqona natyurmortlari va uning Oqtosh hamda So‘qoq romantik manzaralari, Y. Taldikinning “Ko‘hna Buxoro ko‘chasi” va rang-barang natyurmortlari; G. Zilbermanning “Boysunda may”, “Xayr, yoz”, “O‘zbekistonning saxovatli zamini”; A. Perovning “Ota Polvonov portreti” va boshqalar.






