Oʻtmishda Xorazm kulollarini eksklyuziv shakllar yaratishga undagan 3 asosiy fakt

Oʻtmishda Xorazm kulollarini eksklyuziv shakllar yaratishga undagan 3 asosiy fakt

Xorazm kulolchilik buyumlarining shakllari ham boshqalarga oʻxshamaydi. Bu yerda hamma narsa oʻzgacha xususiyatga ega boʻlib, faqatgina shu mintaqa uchun mos va oʻziga xosdir...

Oʻtmishda Xorazm kulollarini eksklyuziv shakllar yaratishga undagan 3 asosiy fakt

Xorazm kulollari turli shakldagi koʻplab xurmachalar, tuvaklar va koʻzalar tayyorlashgan. Qadim oʻtmishda kulollarni eksklyuziv shakllar yaratishga undagan uchta asosiy fakt mavjud boʻlib va bular jazirama iqlim, choʻl va ilonlar hisoblanadi. 

 

Masalan, sutni ivitish uchun koʻzalarning boʻynida toʻrtta xalqa hosil qilishgan. Ular orqali sutli koʻzalarni tokning ustuniga yoki bostirmalarning xarilariga osib qoʻyishgan. Nega, deb soʻramoqchimisiz? "Ilonlar u yerga tushmasligi uchun", deb javob beradi xorazmlik bir kishi. 

 

Tevarak-atrof toʻla qumlar. Ilonlarning sutga ishqiboz boʻlishi odatiy hol va bu oʻz oʻrnida eksklyuziv shakldagi Xorazm koʻzalarining boʻgʻizidagi xalqalar bilan yaratilishiga sabab boʻlgan. 

 

Qisman sirlangan suv koʻzalari yana ham ajoyib. Ularga qarasangiz, goʻyo kulol oddiy tarzda, tasodifan koʻzaning ichiga feruza sirni sachratib qoʻygandek koʻrinadi. Sirlar avval koʻzaning ichini toʻliq qoplagan va keyin goʻyo boʻgʻizning yuqori qismini qisman qoplagancha tashqariga sochilib ketgandek tuyuladi. Bu zohiriy tasodifning tagida teran intuitiv hisoblar va kuchli fizik-nazariy asoslar mavjud. Bu koʻzalar qadim-qadim zamonlarda Xorazmda ixtiro qilingan gʻaroyib termoslardir. Ularda suv ellik daraja issiq havoda ham uzoq vaqt sovuq holda saqlanib turadi. Koʻzaning pamlanib, sirlanmagan tag qismi oʻziga xos sovitkich hisoblanadi. Suv bilan toʻyingan govak sopol sekin bugʻlanish jarayonida soviydi va shu orqali ichki sirlangan qismdagi suvni uzoq vaqt bir xil haroratda saqlab turadi.

 

Xorazm kulolchilik idishlarining eng mashhur shakli – badiya boʻlib, u bayramlarda ikkinchi taomni tortiq qilish uchun xizmat qiladigan anʼanaviy katta lagandir. Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida dumaloq shakldagi, atrof devorlari sal koʻtarilgan, yassi laganlardan foydalaniladi. Lekin Xorazmda bunday emas. Bu yerda laganlar oyoqchali (tagli) boʻlib, oʻtkir burchak ostida badiyaning tekis yuzasiga intiluvchi, markaziy satxi va devorlari mutloqo tekis shaklda ishlanadi. Xorazm idishlarining koʻplab shakllarida oyoqchaning mavjudligi ratsional, pragmatik maʼnolarga ega. Teskari toʻnkarilgan shaklda ushbu oyoqchalar tutqich vazifasini bajaradi. 

Oʻtmishda Xorazm kulollarini eksklyuziv shakllar yaratishga undagan 3 asosiy fakt