Edvard Rtveladze "Do'stlik" ordeni bilan mukofotlandi

Edvard Rtveladze "Do'stlik" ordeni bilan mukofotlandi

Bugun, 28-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev "Mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. 

 

Farmon bilan Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, ajdodlar xotirasiga munosib ehtirom ko‘rsatish maqsadida o‘zining yorqin iste’dodi, ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati bilan kelajak avlodlar uchun bebaho meros qoldirgan, Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimizning ma’rifiy-badiiy tafakkuri va intellektual salohiyatini yuksaltirish, yurtimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shgan, jamiyatimizda ezgulik va mehr-oqibat, vatanparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish yo‘lida unutilmas xizmat qilib, sermazmun hayoti va yuksak insoniy fazilatlari bilan el-yurt xotirasidan chuqur joy egallagan bir guruh marhum ijodkorlar orden va medallar bilan mukofotlandi.

 

Jumladan, "Do'stlik" ordeni bilan mukofotlanganlar orasida atoqli arxeolog olim, tarixchi, san’atshunos, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) Ilmiy kengashining doimiy raisi Edvard Rtveladze ham bor. 

Edvard Rtveladze "Do'stlik" ordeni bilan mukofotlandi
Rtveladze “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan, 2017

“Arxeologiya ritsari” deya e'tirof etilgan olim “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” xalqaro multimedia loyihasining ilk kunidan boshlab (2016-yil) unga ilmiy rahbarlik qilgan, butun dunyodan mutaxassislarni loyihaga jalb etishga o‘z obro-e'tibori bilan hissa qo‘shgan edi. Uning O‘rta Osiyo qadimiy va o‘rta asrlar tarixi, arxeologiyasi, numizmatika va epigrafikasi, sanʼati va madaniyati tarixiga bag‘ishlangan yuzlab maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz hamda dunyo olimlari va mutaxassislariga yaxshi maʼlum.  

Akademik Edvard Rtveladzening mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofoti, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlariga sazovor bo‘lgan edi. "Do'stlik" ordeni ham atoqli olimning 60 yillik ilmiy faoliyati munosib e'tirof etilganidan darakdir.

Edvard Rtveladze "Do'stlik" ordeni bilan mukofotlandi

Mehribon ustoz, kamtarin va samimiy inson Edvard Rtveladzening xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.