“O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni” do‘stlik jamiyati tashkil etilib, unga Firdavs Abduxoliqov rais etib saylandi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati xabar qildi.

Ta'kidlanishicha, bugungi globallashuv sharoitida do‘stlik jamiyatlari nafaqat madaniy almashinuv platformasi, balki ilm-fan, turizm, ta’lim, madaniy meros va gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantiruvchi samarali jamoatchilik instituti sifatida ham muhim o‘rin tutmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida keyingi yillarda shakllangan yaqin va ishonchli munosabatlar mazkur tashabbus uchun mustahkam asosdir.
“O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni” do‘stlik jamiyati ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi madaniy va ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish hamda xalq diplomatiyasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
"O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan dunyo davlatlari, ayniqsa islom olami mamlakatlari bilan o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Shuningdek, davlat rahbarining madaniy merosni asrab-avaylash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish hamda islom sivilizatsiyasining boy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslari bugungi kunda o‘zining amaliy samarasini bermoqda", - deydi ISM direktori, WOSCU va “O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni” do‘stlik jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov.
Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan musulmon davlatlari bilan ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish, qo‘lyozmalar va noyob manbalarni o‘rganish, qo‘shma ilmiy anjumanlar, ko‘rgazmalar va tadqiqot loyihalarini amalga oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Saudiya Arabistonining ilmiy muassasalari, universitetlari, kutubxonalari va madaniy markazlari bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda.
