Amir Temur merosi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari Prezidentga murojaat yo‘lladi

Amir Temur merosi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari Prezidentga murojaat yo‘lladi

9–11-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo'lib o'tgan Amir Temur merosi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari Prezidentga murojaat yo‘llab, Buyuk Temuriylar merosini yanada chuqur o‘rganish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qabul qildi.

Amir Temur merosi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari Prezidentga murojaat yo‘lladi


O‘zbekiston Amir Temur merosini o‘rganish bo‘yicha global markazga aylangani buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya yakunlari bilan yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. 25 mamlakatdan tashrif buyurgan 300 dan ortiq ekspert O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga jamoaviy murojaat yo‘lladi. Unda davlat rahbariga chuqur hurmat va samimiy minnatdorlik izhor etildi. Ishtirokchilar konferensiya Buyuk Temuriylar davri merosini har tomonlama o‘rganish, anglash va targ‘ib qilishga xizmat qiluvchi muhim global maydonga aylanganini alohida taʼkidlashdi.

 

Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tgan forum ilmiy jamoatchilik, xalqaro tashkilotlar hamda madaniy muassasalar vakillarini birlashtirdi. Yalpi va shoʻba yig‘ilishlari doirasida 200 dan ortiq ilmiy maʼruza taqdim etildi. Ular Temuriylar davridagi davlat boshqaruv va diplomatiyadan tortib, ilm-fan, sanʼat, meʼmorchilik hamda madaniy siyosatgacha bo‘lgan keng qamrovli mavzularni o‘z ichiga oldi.

 

Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konferensiya qatnashchilariga yo‘llagan murojaatida ilgari surilgan g‘oyalar kelgusi tadqiqotlar uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishini alohida qayd etdilar. Jumladan, Temuriylar davridagi Ikkinchi Renessansni o‘rganish va uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini chuqur tahlil qilish masalalariga eʼtibor qaratildi.

 

Prezident nomiga yo‘llangan murojaatda Amir Temur va Buyuk Temuriylar sulolasi merosi jahon tarixi ajralmas qismi ekani taʼkidlandi. Shuningdek, Sohibqironning davlatchilik tafakkuri, ilm-fan, madaniyat, shaharsozlik, diplomatiyaga bo‘lgan eʼtibori hamda adolatli boshqaruv tamoyillari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolayotgani qayd etildi.

Amir Temur merosi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari Prezidentga murojaat yo‘lladi

Konferensiya yakunlariga ko‘ra, xalqaro ishtirokchilar Temuriylar merosini o‘rganishning yangi bosqichiga qaratilgan amaliy tashabbuslar paketini taqdim etdilar. Eng muhim natija sifatida xalqaro “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Unda davrni kompleks o‘rganish, ilmiy dasturlarni kengaytirish, fanlararo yondashuvlarni rivojlantirish, shuningdek, qo‘lyozma, arxiv va muzey merosini saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish ishlarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, yoshlarda tarixiy merosga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan taʼlim dasturlarini modernizatsiya qilish, Buyuk Temuriylar davri madaniy obyektlarini xalqaro maydonda targ‘ib etish hamda yosh tadqiqotchilarni grantlar, ilmiy loyihalar va akademik tashabbuslar orqali tizimli qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

 

Shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zaruratiga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) ishtirokidagi qo‘shma loyihalarni kengaytirish muhim vazifa sifatida qayd etildi.