... Buxoro vohasining yana bir yirik shahri Poykent bo‘lgan. Solnomalarda ushbu Sug‘d shahar qal’asi miloddan avvalgi IV – III asrlarda paydo bo‘lganligi xabar qilinadi. U Buyuk ipak yo‘lida, Zarafshonning eng quyi oqimidagi daryo bo‘yida joylashgan, shuning uchun “Poykent” – “pastki shahar” nomini olgan.

Xitoy manbalarida uni Bi davlati deb atashgan. Shaharda dunyoning ko‘plab mamlakatlari vakillari turli tillarda so‘zlashishgan.
Narshaxiyning yozishiga ko‘ra, shaharning nomi shu qadar mashhur bo‘lganki, agar poykentliklarning birontasidan qayerdan ekanligini so‘rashsa, u doim: “Men poykentlikman” deb faxr bilan javob bergan va hech qachon “Buxorolikman” demagan.
Poykentdan karvonlar Eronga, Hindistonga, Xorazm orqali – Ural, Volga va Kavkazga jo‘natilgan. Xitoyga poygachi otlar, shisha va sopol buyumlar sotishgan. Ammo savdo yo‘lidagi o‘zaro munosabatlarning eng muhim jihati ma’naviy almashinuv bo‘lgan.
Poykentning tanazzuli XI asrga to‘g‘ri keladi. Shaharni cho‘l to‘liq yutib yuborgan va shuning uchun u bugungi kungacha qum qatlamining ostida deyarli asl holatida saqlanib qolgan.

Poykent manzilgohi o‘rnida olib borilgan qazishmalar natijasida ko‘plab faktologik materiallar ham topildi. Istehkomning saroy majmuasida diametri 11 metr, balandligi 1,5 metr bo‘lgan somonli loydan qurilgan minora poydevori topilgan. Uning O‘rta Osiyodagi eng qadimiy minora ekani va o‘z vaqtida kamida 20 m balandlikda bo‘lganini aytish uchun bugungi kunda jiddiy asoslar bor.
Mavzuga doir: Ko‘hna Poykent shahri haqida bilasizmi?
