Kokilyopgich, shokila, alaka, do'ppi... O'zbekiston janubining "tashrif qog'ozi"

Kokilyopgich, shokila, alaka, do'ppi... O'zbekiston janubining "tashrif qog'ozi"

Malayziya Islom sanʼati muzeyida O‘zbekistondan keltirilgan bir nechta bosh kiyimlari saqlanadi. Kultapo‘shak, shokila va popukli alaka hamda to‘rtta do‘ppidan iborat bu eksponatlar XIX asrga tegishli. Bosh kiyimlar muzey tomonidan 2000 – 2002 yillar oralig‘ida sotib olingan.

 

Kultapo‘shak – kokilyopgichli yumshoq yumaloq qalpoqcha. Kokilyopgich yosh ayollarning uzun sochlarini orqa tomondan yopgan holda pastga tushib turgan.

 

Kokilyopgich odatdagi kultapo‘shakdan farqli o‘laroq, kashta bilan kamtarroq bezatilgan. Chetlariga boshning ensa qismigacha jiyak tikilgan. Qo‘chqorak (qo‘chqor shoxi) naqshli jiyak kokilyopgichning quyi qismini bezab turibdi. Kokilyopgichning pastki ikki tarami yashil rangli sochtasma bilan bog‘langan va bu kokilyopgich bilan qoplangan sochlar orqa tomonda yoyilib ketmasligi uchun qilingan. Kultapo‘shak qizil gulbosma paxtalik mato bilan sirib chiqilgan.

Kokilyopgich, shokila, alaka, do'ppi... O'zbekiston janubining "tashrif qog'ozi"

Shokila va popukli alaka qoraqalpoq ayollarining marosimlar (to‘ylar)da kiyiladigan bosh kiyimi – saukelening ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu qalpoq nimshoyi adras matosidan tayyorlangan. Qalpoqning baxmal matodan qavilgan engak tasmasi marjonli munchoqlar, marvaridlar, firuza qadalgan zarshokilalar va tangasimon disklar bilan bezatilgan. Iyak ostidan o‘tadigan tasmaga to‘q qizil shoyi to‘rparda o‘rnatilgan. Qalpoqchaning orqa tomoniga ikkita kashta bilan bezatilgan ipak tasma alaqa va ko‘plab turli rangdagi popuklar qo‘shib tikilgan.

Kokilyopgich, shokila, alaka, do'ppi... O'zbekiston janubining "tashrif qog'ozi"

Do‘ppi – o‘zbeklar turmush tarzining ajralmas qismiga aylangan va bosh kiyimlarning asosiy turi hisoblanadi. Muzey kolleksiyasida turli shakldagi, aniqrog‘i yumaloq, to‘rtburchakli va biroz konussimon shakldagi to‘rtta do‘ppi saqlanadi. Ular islimiy, zoomorf va handasaviy naqshlar bilan bezatilgan.

 

Kolleksiyadagi do‘ppilarning qolgan qismi o‘zbek-laqaylar madaniyatiga tegishli. Ulardan biri gajak muguzsimon to‘rtta yirik ketma-ket joylashgan motivlar bilan bezatilgan. Ehtimol, ular tumor o‘rnida qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin. Do‘ppining asosi to‘q kulrang matodan tayyorlangan bo‘lib, ichiga paxta solinmasdan gorizontal choklar bilan qavilgan. Kashta ranglarining gammasi qizil-qaymoq ranglarda. Bezaklar bosma choki bilan tikilgan, ammo konturlari zanjirkashta choklari bilan bo‘rttirilgan. Do‘ppining atrofi jiyak bilan bezatilgan. Boshqa bir do‘ppining ustki qismi iroqi chok bilan, ammo kizagi piltado‘zi usulida tikilgan. 

Kokilyopgich, shokila, alaka, do'ppi... O'zbekiston janubining "tashrif qog'ozi"

Yorqin ranglar va piltado‘zi uslubi O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida ishlab chiqariladigan bosh kiyimlarning o‘ziga xos xususiyati, tashrif qog‘ozi hisoblanadi.