Yangi Toshkentda “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi amalga oshiriladi

Yangi Toshkentda “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi amalga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi.

Yangi Toshkentda “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi amalga oshiriladi

Maydoni 32 gektar boʻlgan “Buyuk Ipak yoʻli” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri boʻlishi kutilmoqda. 

 

Konsepsiyaga koʻra, majmua hududida Buyuk Ipak yoʻli bilan bogʻliq turli sivilizatsiyalarga bagʻishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yoʻli boʻyida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.


Muzeylar restavratsiya qilinadi

 

Mamlakatimizning boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik sohalaridagi ulkan yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham koʻrib chiqildi.

 

Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi Oʻzbekistonda Imom Moturidiy merosiga eʼtibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik taʼlimotiga bagʻishlangan boʻlimlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulugʻ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish boʻyicha takliflar bildirildi.

 

Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berildi. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va maʼrifiy tajribani taklif etish koʻzda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bagʻishlanadi.

 

Taqdimot qilingan loyihalarning umumiy maqsadi - milliy tariximizni ilmiy asosda chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish.

 

Loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan maʼqullandi, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.