Kofirqalʼa ko‘hna shaharchasi qadimiy Darg‘om kanalining chap sohilida, Samarqand shahridan 12 km uzoqlikda joylashgan. Yodgorlikning umumiy maydoni 16 gektarni tashkil etadi. Mustahkam qalʼa – muntazam to‘g‘ri to‘rtburchak (75x75 m) shaklida va 25 metr balandlikdagi baland tik tepalikda joylashgan.
Kofirqalʼa uzoq vaqtlar arxeologlar eʼtiborini tortib kelgan. Ko‘hna shaharcha haqidagi dastlabki maʼlumotlar paydo bo‘lishi XX asrning 20–30-yillariga to‘g‘ri keladi. Shu davrda ko‘hna shaharcha va uning atrofida dastlabki kichik arxeologik ishlar amalga oshirilgan. Biroq Kofirqalʼa bo‘yicha keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar O‘zbekiston – Italiya ekspeditsiyasi (2001-yildan 2015-yilgacha)1 ishlari bilan bog‘liq bo‘lib, bu vaqt mobaynida qalʼa ichidagi qo‘rg‘onning o‘rta asrga oid manbalari deyarli to‘liq o‘rganildi.
2013-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi arxeologiya institutining o‘zbek-yapon ekspeditsiyalari himoya qo‘rg‘onida ish boshladi. O‘zbek-yapon ekspeditsiyasining Kofirqalʼadagi erishgan muhim natijalaridan biri, himoya qo‘rg‘onining VII–VIII asrlardagi holati deyarli to‘liq ochilishi bo‘ldi.
Kofirqalʼa yog‘och o‘ymakorligi
2017-yilda qo‘rg‘onning shimoliy qismidagi Markaziy xonada kuygan, o‘yib ishlov berilgan yog‘ochdan yasalgan dekoratsiya va shuningdek bir panno (147x121 sm), arka (156x51 sm) va ikki ensiz taxtalar (uzunligi 1 m va eni 6–8 sm) topildi. Ushbu topilma topilgan xona Samarqand hukmdori sahna majmuasining taxt qismi hisoblanadi.
Panno taxt turgan supaning ro‘parasidagi devorni bezagan, arka va naqshli taxta kirish eshigining ichki qismini o‘rab turgan, lekin ular yong‘ingacha devorlardan ko‘chirib, yerga tashlangan va ularga o‘t qo‘yilgan. Yaxshiyamki, yong‘in paytida devor va shiftlarning qulab tushgan qismlari yonayotgan yog‘ochni qoplab qolgan, bu esa ularni yonib bitishiga to‘sqinlik qilgan.
Panno. 46 personaj. Ma'budalar
O‘lchami, syujetlari kompozitsiyasi va nisbatan yaxshi saqlanganligiga ko‘ra noyob sanalgan to‘g‘ri burchakli yog‘och panno alohida qiziqish uyg‘otadi. Pannoning o‘zi ikkita keng taxtadan iborat bo‘lib, ular temir bandlar bilan bir-biriga biriktirilgan. Taxtalarning hozirgi kundagi qalinligi 1 santimetrga yetmaydi.
Yog‘och o‘ymakorligi uslubida tasvirlangan syujetlar ibodat mavzusi bilan bog‘liq. Pannoda 46 ta personaj bo‘lib, ular to‘rtta registrga bo‘linadi. Har bir registr, birinchi navbatda, palmettali kamarchalar, undan keyin kamarchalar va navbatma-navbat keladigan qiyofalar – kvadrat va romblar va oxirida esa yana palmettali kamarchalar shaklida rasm solingan gorizontal joylashgan chiziqlar bilan ustidagi tasvirdan ajratilgan.

Yuqoridagi ikkita registrlarning markaziy qismini shohona kiyim kiygan, qaddi-qomati kelishgan yosh ayol shaklidagi ilohaning haybatli qomati egallagan. U yonboshlab yotgan sher ko‘rinishida taxtda o‘tiribdi. Sherning kattakon boshi oldingi panjalari ustiga qo‘yilgan va kuzatuvchilar tomon burilgan. Maʼbudaning boshi atrofida muqaddas nurchambar bor. U chap qo‘lida pastga osilib turgan tasma (tug‘) dastasini, o‘ng qo‘lida esa kalta asoga o‘xshash narsani ushlab turibdi. Bularning barchasi uning hosildorlik va onalik ilohasi, Sug‘dning buyuk maʼbudasi Nana (Nanay)ga qiyoslash imkonini beradi. Nana ko‘pincha tadqiqotchilar tomonidan, qadimgi Eron, Xorazm, Baqtriya va Sug‘dda juda eʼzozlangan Ardvisura Anaxita bilan tenglashtiriladi.

Maʼbudaning o‘ng va chap tomonlarida unga atab turli sovg‘alar – har xil idish-tovoqlar, gulchambarlar keltirilgan yoki qo‘lida ko‘chma mehroblar ushlab turgan sug‘d kiyimidagi kishilar tasvirlangan. Ikki tepa qatorda jami 20 ta personaj joylashtirilgan, ularning hammasi erkaklar. Barchasi yuz tomoni bilan, tana yuqori yarmi va boshi maʼbuda tomonga yengil burilgan holda joylashtirilgan.
Musiqachilar
Kofirqalʼadagi yog‘och panno kompozitsiyasiga musiqachilarning kiritilishi maʼlum bir diniy ahamiyat ko‘rsatib bergan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Biz uchun shunisi muhimki, bu bir tomondan, ayrim diniy marosimlarni musiqa bilan olib borish anʼanasini bildirsa, ikkinchi tomondan, marosimlar amaliyotida (tantanalarda) professional musiqachilardan foydalanilganini aks ettiradi.
Arka. 4 qo'lli ma'buda Nana
Arkaning faqat chap yarmidan ko‘p qismi saqlanib qolgan bo‘lib, uning uzunligi 156 sm va eni 53 cmni tashkil etadi. Ko‘rinishidan, uning chekkalari mayda bargli gulmarjon shaklidagi gardish bilan hoshiyalangan. Gardish-gulmarjonning ichki tomonida barglarning orasida g‘uddalar ko‘rinadi. Uning yuqori qismining markazida sherlarning qiyofasi tushirilgan taxtda o‘tirgan to‘rtta qo‘lli maʼbuda Nana tasvirlangan. Uning yuqoridagi juft qo‘llari boshi barobar ko‘tarilgan va kaftlarida quyosh va oy ramzlarini ushlab turibdi. Boshqa juft qo‘llar pastga tushirilgan, chapi tizzada, ustidagi kiyim burmalarini ushlagan, o‘ngi esa ko‘krakka qadar ko‘tarilgan holda hassa ushlab turibdi. Maʼbudaning boshi atrofida alanga taratib turgan nurchambar bor. Maʼbudaning ikki tomonida qo‘llarida turli buyumlarni ushlab turgan ziyoratchilar ko‘rsatilgan.

