Bu yil dunyoning ko‘plab Sharq mamlakatlarida Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami oldinma-keyin nishonlanmoqda. Bunday holat kamdan-kam holatlarda yuz bergani bois, o‘tmishda shoir va mutafakkirlar bu hodisaga alohida eʼtibor qaratganlar...

Sir emas, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur o‘rtasidagi ijodiy aloqalar atroflicha o‘rganib kelinmoqda. Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida Navoiyga yetarlicha taʼrif bergan. Alisher Navoiy ham Bobur Mirzoga bitgan maktubini “Munshaot”da keltirib o‘tgan. Shu bilan birga har ikki buyuk shoir ijodida ayni mavzularda bir xil yondashuv bilan murojaat qilshgani ham Navoiy va Bobur qarashlari o‘rtasidagi mushtaraklikni aks ettiradi.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning g‘azallari xronologiyasi navoiyshunoslikda to‘la o‘rganilmagan. Jumladan, “Favoyid ul-kibar” devonidan o‘rin olgan:
Muvofiq kiydilar, bo‘lmish magar navro‘z ila bayram,
Chaman sarvi yashil xilqat, mening sarvi ravonim ham,
-deb boshlanuvchi g‘azal mazmunidan kelib chiqib, u Navro‘z va hayit bayramlari bir-biriga muvofiq kelgani munosabati bilan bitilganini anglash mumkin. Chunki qadimda “bayram” so‘zi asosan Qurbon yoki Ramazon hayitiga nisbatan aytilgan. G‘azalda chamandagi sarv daraxtining bahor chog‘idagi tarovati va oshiqni rom etgan sarvqomat dilbarning hayit bayramidagi malohati o‘zaro taqqoslanadi:
Chaman sarvi qolib bebar, mening sarvim bo‘lub dilbar,
Ani yel aylabon muztar, bu yeldin sekretib adham.
Yaʼni chamandagi sarv mevasizligidan afsuslanib, shamolda muztar tebranadi, shoirning sarvqomat mahbubasi esa dillarni rom etib, yeldek uchqur tulporni sakratadi.
Odatda hijriy qamariy yil, jumladan undagi ikki hayit bayrami shamsiy taqvimga nisbatan har yil 10-11 kunga “ilgarilab” boraverishini yaxshi bilamiz. Albatta, Oy ko‘rinishiga qarab hayit kunlari bir kunga farq qilishi mumkin.
Ramazon hayiti va Navro‘z kunlarining bir-biriga yaqin kelishi har 32-33 yilda takrorlanadigan hodisa. Bunday holat oxir marta 1993-yilda yuz bergan. O‘sha yili Navro‘z bayrami – 21 mart Ramazon oyining 28 kuniga to‘g‘ri kelgan. Yaʼni ramazon hayiti Navro‘zdan ikki kun keyin nishonlangan.
Astronomik jadvallarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Navoiyning yuqoridagi g‘azalida 1472-yildagi muvofiqlik nazarda tutilgani ravshanlashadi. Xuddi shu yili Navro‘z bayramining 1-kuni (21-mart) Ramazon hayitining 2-kuni (Shavvolning 2-kuni)ga to‘g‘ri kelgan.
Oradan 32 yil o‘tib, 1404-yilning Navro‘z bayrami ham Ramazon hayitiga yaqin keladi. Xuddi shu voqea Bobur ijodida o‘z aksini topadi. “Boburnoma”da 909/1404-1405-yillar voqealarini qalamga olarkan, Bobur o‘sha yili Navro‘z va Ramazon hayitini Afg‘oniston va Pokistondan oqib o‘tuvchi Gumal daryosi sohilida nishonlaganini yozadi:
“...Iydi fitr edi... Iyd namozini Gumal rudining yoqasida o‘taldi. Navro‘z ul iydqa yovuq kelib erdi. Tafovut bir-iki kun edi. Ul taqrib bila bu g‘azalni aytib erdim:
Yangi oy, yor yuzi birla ko‘rub el shod bayramlar,
Manga yuzi, qoshidan ayru bayram oyida g‘amlar,
Yuzi navro‘ziyu vasli iydini, Bobur, g‘animat tut —
Ki, mundin yaxshi bo‘lmas bo‘lsa yuz navro‘zu bayramlar.
(Yaʼni: odamlar yangi oy va yorning yuzini ko‘rib hayit va navro‘zni nishonlasa, men yorning yuzi va qoshidan yiroqda, hatto bayram oyida ham g‘amginman. Bobur, yor yuzining navro‘ziyu, visol hayitini g‘animat bil, chunki ular yuz navro‘zu hayit ham yor vasliga teng kelolmaydi.)
Eʼtibor qilinsa, bu baytda Bobur hayit kuni ko‘rinadigan yangi oyni yorning hiloldek qayrilma qoshiga, navro‘zda kun va tunning teng kelishini yorning tundek sochi va kunduzdek yuzidagi tenglikka o‘xshatadi.
Maʼlumki, “Boburnoma”da muallif Alisher Navoiy shaxsi va ijodiga juda katta ehtirom bilan yondoshgani yaqqol ko‘rinadi. Bobur Navro‘z va hayit kunlariga oid g‘azalidan parcha keltirarkan, bundan 30 yillar ilgari Navoiy ham shu mazmunda g‘azal bitganini esga olmasa-da, har ikki g‘azal o‘rtasida bir qator o‘xshashliklar ko‘zga tashalanadi.
Birinchidan, har ikki g‘azal turkiy adabiyotda keng tarqalgan bir xil vaznda bitilgan. Har ikki g‘azal 7 baytdan tarkib topgan. Qofiya ham, qofiyadosh so‘zlar ham o‘xshash. Hatto g‘azallardagi badiiy sanʼatlarda ham o‘xshashliklar ko‘zga tashlanadi.
...Demak, 32 yil tafovut bilan bitilgan ikki g‘azalda ham ayni bir xil tabiiy jarayon – hayit va Navro‘zning bir-biriga yaqin kelishi yoki ustma-ust nishonlanishi turli tashbehlar yordamida tavsif etilgan.
Rustam Jabborov
