O‘rta asr miniatyura sanʼatida Behzod kabi mashhur bo‘lgan boshqa biron miniatyurachi-rassom tarixda maʼlum emas. U O‘rta Sharqning, o‘z isteʼdodi bilan zamondoshlari orasida va keyingi asrlarda ham juda ko‘plab haqli eʼtiroflariga sabab bo‘lgan sanoqli musavvirlaridan biri sanaladi. Yevropalik tadqiqotchilar uni "Sharqning Rafaeli" deb ataganlar.
Jang manzaralari janri Behzod o‘z ijodida unchalik katta o‘rin egallamasa-da, ushbu janrning yanada rivojlanishida muhim rol o‘ynagan. Behzodning jang manzaralri aks ettirilgan sahnalari bizga quyidagi ikkita qo‘lyozmaning illyustratsiyalaridagi bir necha miniatyuralar orqali maʼlum:
1. “Zafarnoma” Sharofiddin Ali Yazdiy, xattot Sher Ali tomonidan hijriy 872/milodiy 1467-1468-yilda qayta ko‘chirilgan 6 ta qo‘sh miniatyura-diptixlar (Baltimor. J. Garret kutubxonasi);
2. Nizomiyning “Xamsa”si, hijriy 846/milodiy 1442-yilda ko‘chirilgan. 1490-yillarda rasmlar bilan bezatilgan (London. Britaniya kutubxonasi).
Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari Temurning fotihlik yurishlari haqida hikoya qiluvchi tarixiy asar bo‘lib, uning o‘z avlodlari orasida juda mashhur bo‘lgan, asar yozilgandan so‘ng hamda keyingi davrlarda Eron va Movarounnahrda chop etilgan ko‘plab rasm bilan bezalgan nusxalari bo‘lgan. Temurning o‘zi ikki qo‘sh miniatyurada tasvirlangan: "Qipchoqlar qo‘shinini taʼqib qilish" va "Smirna qalʼasining Temur tomonidan qamal qilinishi".
Ushbu suratda Temur qo‘shinlarni jangga boshlovchi sarkarda sifatida emas, balki hukmdor sifatida tasvirlangan. Bu holat Temur tomonidan Gurjistonning Nergiz shahridan quvib chiqarilayotgan qipchoqlarning chiqish qiyin bo‘lgan baland tog‘larning g‘orlariga chiqib olib, undan pastdagi Temur qo‘shinlarini o‘qqa tutayotgani tasvirlangan "Qipchoqlar qo‘shinini taʼqib qilish" miniatyurasida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Sharofiddin Ali Yazdiyning yozishicha, Temur bu jangda katta qalqonlardan savatlar yasashni buyurgan, shu savatlar orqali Temur va uning askarlari tepadan g‘orga tushib, dushmanlarni qo‘lga tushirishgan.
Bu kompozitsiya rangi, ritmi va nozik detallari jihatidan juda ajoyib chiqqan. O‘ng tarafdagi miniatyurada noo‘ng‘ay joylashgan qoya toshlardan o‘tayotgan harbiy bo‘linma tasvirlangan. Uning harakati pastki qismdan boshlanadi va keyingi sahifaga o‘tib, bizning nazarimizni Sohibqirongacha olib borar ekan, tobora yuqoriga ko‘tarilib boradi. Behzod Temurning savatdagi holatini tasvirlashga haddi sig‘magan. Bu o‘sha davrdagi odob qoidalari nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri kelmagan. Shuning uchun uni jarlik tepasida, saltanat ramzi sanalgan soyabonning soyasida turib, askarlari g‘orlarga tushayotganini kuzatayotgan holda tasvirlagan.
Behzod savatlarda tushish qanday ro‘y berganinini ham batafsil ko‘rsatib bergan. Bu yerdagi tik ko‘tarilgan qoya toshlar tasviri tog‘dagi g‘orlarda yashiringan dushmanlarga qarshi kurashishning qanchalik qiyinligini ko‘rsatadi. Temur harbiy yurishlarda har doim o‘zi bilan olib yurgan jangchilar va qurilish otryadining ishchilari g‘orlarda yashirinib yotgan dushmanni o‘qqa tutayotgan askarlar chiqqan og‘ir savatlarni katta qiyinchilik bilan (bu ularning yuz ifodalari va imo-ishoralari bilan kuzatiladi) pastga tushirishmoqda.



