O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkum kitob-albomlarini Samarqand viloyatidagi turli tashkilotlarga beminnat tarzda taqdim etish ishlari davom etmoqda.
_bCrZZWM_1.webp)
Ushbu turkum kitoblar Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan tashabbusi, doimiy e'tibori va har tomonlama qo'llab-quvvatlashi tufayli amalga oshirilayotgan O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha keng ko'lamli davlat va xalqaro dasturning tarkibiy qismi hisoblanadi.
To'plam O'zbekistonning noyob tarixiy-madaniy merosini va xalqaro miqyosda namoyish etish, targ'ib qilish uchun mo'ljallangan bo'lib, notijoriy maqsadda tarqatilmoqda.
9-14-mart kunlari davomida Samarqand viloyatidagi yana 20 ta tashkilotga, jumladan viloyat Ekologiya boshqarmasi, Adliya boshqarmasi, Soliq inspeksiyasi, Kadastrlar palatasi, “Nuroniylar” fondi, shuningdek, oliygohlar, banklar, mehmonxonalar, klinikalarga jami 200 ta kitob-albom yetkazildi.
"Kafedramiz uchun kerakli sovg'a bo'ldi"
"WOSCU tomonidan berilgan kitoblar to'plami bizning kafedramiz uchun juda kerakli sovg'a bo'ldi. O'qituvchilar talabalarni kitoblar bilan tanishtirishni boshlab yuborishdi. Chunki undagi ma'lumotlar noyob bo'lib, sohamiz rivoji uchun muhim hisoblanadi. Universitetimiz nomidan tashkilotchilarga o'z minnatdorchiligimni izhor etaman", - dedi "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetining "Tarix va madaniy meros" kafedrasi mudiri, dotsent O.Boynazarov.
“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi dunyo amaliyotida o'xshashi yo'q noyob xalqaro madaniy-tarixiy, ilmiy-ma'rifiy loyihadir. Ilk bor tizimli asosda O'zbekiston va Markaziy Osiyo hududida yaratilgan hamda hozirgi kunda dunyoning turli mamlakatlaridagi muzeylar, kutubxonalar va xususiy to'plamlarda saqlanayotgan madaniy, badiiy va ma'naviy madaniyatning nodir yodgorliklarini aniqlash, har tomonlama o'rganish hamda nashr etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Turkum nashrlar tarixiy merosni asrab-avaylash, mustahkamlash, shuningdek, O'zbekistonni jahon sivilizatsiyasining eng muhim markazlaridan biri sifatidagi o'rnini namoyon etishga xizmat qiladi.
WOSCU axborot xizmati









