Zamzam bulog'iga qiyoslangan Raboti malik sardobasi

Zamzam bulog'iga qiyoslangan Raboti malik sardobasi

Karmana shahridan Buxoro shahriga boradigan, endilikda qadimiy karvon yo‘li izidan o‘tgan yo‘l bo‘yida, shahardan 20 kilometrcha g‘arb tomonda Raboti Malik karvonsaroyi – "Podshoh raboti" joylashgan. Mazkur inshoot XI asrning 70-yillarida qoraxoniylar sulolasi hukmdorlarida biri Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim (1068–1080) tomonidan barpo etilgan, XII asrning birinchi choragida esa aynan shu hukmdor sulolaga mansub Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (1102–1130) tomonidan qayta taʼmirlangan edi.

Zamzam bulog'iga qiyoslangan Raboti malik sardobasi

Raboti Malik karvonsaroyida o‘ttiz metrcha narida suv manbai – rabot zamondoshi bo‘lgan o‘ziga xos sisternadiametri qariyb 13 metr bo‘lgan gumbaz bilan qoplangan Sardoba joylashgan. Dumaloq sisterna 12 metr chuqurlikkacha yer qaʼriga singib borgan, salqin ichimlik suv esa butun yoz davomida toza saqlangan. 

 

XVI asrda yashagan bir muallif Raboti Malik sardobasi suvini Makkayi mukarramadagi Zamzam bulog‘i zilol suvi bilan qiyoslagan edi.

 

Raboti Malikning asosiy tadqiqotchi olimalaridan biri karvonsaroyni qoraxoniy sulolasi hukmdorlarining dashtdagi qarorgohi sifatida talqin va taʼrif qilgan (N.B. Nemseva). Shunday bo‘lsa-da, mazkur karvonsaroy XVIII asr boshlariga qadar o‘zining birlamchi vazifasini to‘la-to‘kis bajarib keldi. Sohibqiron Amir Temur, Buxoroda hukmronlik qilgan sulolalarga mansub xonlar, elchilar, savdo karvonlari va sayohatchilar ana shu manzilga qo‘nib o‘tishgan. 

 

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida karvonsaroy atrofida ancha qisqa vaqt mavjud bo‘lgan va “Rabot” nomi bilan tanilgan bir qishloq ham vujudga kelgan edi.

Zamzam bulog'iga qiyoslangan Raboti malik sardobasi

Peshtoqda quyidagicha kitoba bitik parchasi (kufiy xatida) saqlangan:

 

... Jahon sultoni ushbu go‘zal va shinam binoni xalqning to‘xtab dam olishi uchun barpo etgan. Bu karvonsaroy Xudoning marhamati bo‘lib, bor ulug‘vorligini o‘zida saqlab qolgan. Bu go‘zal binoning maydoni va ayvoni jannatmonand joyga aylangan ...