UNESCO Yaqin Sharqdagi madaniy meros obyektlarining himoyasi bo‘yicha xavotir bildirdi

Eron poytaxti Tehron shahridagi UNESCOning "Butunjahon merosi" ro‘yxatiga kiritilgan "Guliston" saroyi aviazarba ta'siri natijasida shikastlangan. UNESCO holatdan havotir bildirib, bayonot berdi.

 

UNESCO Yaqin Sharqdagi madaniy meros obyektlarining himoyasi bo‘yicha xavotir bildirdi

"UNESCO mamlakatda va butun mintaqada madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishda davom etmoqda.  Shu munosabat bilan Tashkilot har qanday ehtimoliy zararning oldini olish maqsadida Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, shuningdek, milliy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarning geografik koordinatalarini barcha manfaatdor tomonlarga taqdim etdi", deyiladi 2-martdagi bayonotda.

 

10-mart kuni UNESCO Yaqin Sharq va undan tashqaridagi hududlarda vaziyat keskinlashuvi fonida ta’lim, madaniyat, ommaviy axborot vositalari va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida yana bir bor chuqur xavotirini bildirdi.

 

"28-fevral kuni harbiy harakatlar boshlanganidan beri bir qator madaniy ahamiyatga ega obyektlar, jumladan Guliston saroyi (Eron), Tel-Avivdagi Oq shahar (Isroil) va UNESCOning "Butunjahon merosi" ro‘yxatiga kiritilgan Qadimiy Tir shahri (Livan) shikastlangani va zarar ko‘rgani haqida xabarlar kelib tushmoqda.
Ta’lim infratuzilmasi, ta’lim sohasi xodimlari va o‘quvchilari, shuningdek, OAV va ilmiy muassasalar mintaqaning ayrim qismlarida xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi tufayli tobora ko‘proq xavf ostida qolmoqda...

UNESCO jamiyatning ijtimoiy asoslari bo‘lgan ta’lim, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, fan va atrof-muhitni himoya qilish uchun maksimal darajada vazmin bo‘lishga va barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqiradi.
UNESCO zararning oldini olish uchun barcha mumkin bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rish maqsadida "Butunjahon merosi" ro‘yxatiga kiritilgan obyektlarning geografik koordinatalarini, milliy dastlabki ro‘yxatlarni, shuningdek, kuchaytirilgan himoya ostidagi obyektlarni barcha manfaatdor tomonlarga taqdim etdi va taqdim etishda davom etadi", deyiladi keyingi bayonotda.

 

Tashkilot barcha tomonlarga xalqaro huquq, xususan, 1954-yilda qabul qilingan Qurolli mojaro yuz bergan taqdirda madaniy boyliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi Gaaga konvensiyasi, shuningdek, 1972-yilda qabul qilingan Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini eslatib o‘tdi.