Londondan qaytarilgan tarixiy meros: Qo'qon xoni qilichi

Londondan qaytarilgan tarixiy meros: Qo'qon xoni qilichi

XIX asrga mansub, oltin, qimmatbaho toshlar va po‘latdan ishlangan 92 santimetrli Qo‘qon xoni qilichi Londondagi Amir Muhtashamiy kolleksiyasidan O'zbekistonga qaytarildi. 

Londondan qaytarilgan tarixiy meros: Qo'qon xoni qilichi
Foto: ISM

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati ma'lum qilishicha, ushbu qilich Buxoro amirligi hududidagi Shahrisabzda yasalgan bo‘lib, u Xudoyorxonga nisbat beriladi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Xudoyorxon davridan saqlanib qolgan qilichlar juda kam. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, xonga tegishli ikki qilich Rossiya muzeylarida saqlanadi. 

 

Qilich dastasining oltindan ishlangani, g‘ilofining esa ko‘k rangli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgani uning oddiy jang quroli emas, balki hukmdorga mo‘ljallangan nufuz ramzi bo‘lganini ko‘rsatadi. Bunday qilichlar ko‘pincha hukmdorlarga hadya sifatida taqdim etilgan. 

 

Ma'lumot uchun: Qo‘qon xonligida qurol ishlab chiqarish maxsus ustaxonalarda yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘qon, Toshkent, Marg‘ilon va Andijon kabi shaharlarda zambarak va miltiq quyish ustaxonalari mavjud bo‘lgan. Xonlik qo‘shinida qilich eng asosiy va ishonchli qurollardan biri hisoblangan. 

 

Samarqand, Axsikent va Ustrushona qilichlari mashhur bo‘lgani kabi Qo‘qon qilichlari ham o‘z sifati bilan nom qozongan. Qo‘qonda maxsus “Qilichsozlar mahallasi” mavjud bo‘lib, u yerda mohir ustalar yuqori sifatli po‘latdan qurollar yasagan. 

 

Bugunda Qo'qon xoni qilichi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida xalqimiz tarixiy merosining yorqin namunasi sifatida namoyish etilmoqda.