Imperatorlar orzusi bo‘lgan Farg'onaning "samoviy" otlari

Imperatorlar orzusi bo‘lgan Farg'onaning "samoviy" otlari

Samoviy otlar — bu shunchaki chiroyli rivoyat emas. Ular Farg‘onaning shonli o‘tmishi, jasorat va qudrat ramzi. Endi esa bu tarixni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ekspozitsiyada o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin.

Imperatorlar orzusi bo‘lgan Farg'onaning "samoviy" otlari
Foto: ISM

Manbalarga ko‘ra, Farg‘ona vodiysida, shuningdek, Tojikistonning sharqiy hududlari hamda Afg‘oniston shimoli-sharqiga tutash go‘zal Pomirning shimoliy etaklarida eng mashhur chopqir tulporlar bo'lgan. Ular kuchi, bardoshi va uzoq masofalarni bosib o‘tish qobiliyati bilan ajralib turgan. 

 

Qadimgi Xitoy manbalarida Farg‘ona vodiysi “Dayuan” nomi bilan tilga olinadi. Bu yerda otlar “Tianma” — ya’ni samoviy, ilohiy otlar deb atalgan. Xitoy mualliflari ularni hatto afsonaviy ajdarlar avlodlari sifatida tasvirlashgan. Shuningdek, manbalarda “hansyu ma” — ya’ni “qon bilan terlaydigan otlar” iborasi ham uchraydi. Bu tavsiflar asosan hayrat va e’tirof ifodasi sifatida ishlatilgan. Tadqiqotchilar otlarning qizg‘ish ter ajralishini g‘ayrioddiy yupqa teri yoki kuchli jismoniy zo‘riqish natijasida mayda tomirlarning yorilishi bilan izohlashadi. Shu xususiyat esa ularning shon-shuhratini yanada oshirgan.

 

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Xitoyning Xan sulolasi imperatori Xan Vudi Farg‘ona tulporlarini qo‘lga kiritish maqsadida maxsus yurish uyushtirgan. Bu voqealar miloddan avvalgi 104–102-yillarda bo‘lib o‘tgan va tarixda Han–Dayuan urushi nomi bilan ma’lum. Shu tariqa, bu otlar shunchaki afsona emas, balki o‘z davrining strategik jihatdan muhim boyligi bo‘lgan.

 

Ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, hukmdorlar sevimli tulporlari bilan birga dafn etilgan. Sevimli tulporlarning dafn joylari va ularni tasvirlovchi terrakota haykallari (loydan yasalgan ramziy haykallar) otlarning qadimgi jamiyatda yuqori maqomga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi ko‘rgazmasida qadimgi Farg‘ona vodiysining qadimda mashhur otchilik markaziga aylanganini, uning xalqaro savdo va diplomatik aloqalardagi o‘rnini bilib olishlari mumkin.

Imperatorlar orzusi bo‘lgan Farg'onaning "samoviy" otlari
Foto: WOSCU
Imperatorlar orzusi bo‘lgan Farg'onaning "samoviy" otlari
Foto: WOSCU