"O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi doirasidagi turkum kitob-albomlar Samarqand viloyatidagi turli idora va tashkilotlarga beminnat tarzda taqdim etilmoqda.

Shu yilning mart oyidan boshlab viloyatdagi hokimliklar, boshqarmalar, konsullik va elchixonalar, banklar, ilmiy va diniy markazlar, prokuratura va sudlar, shuningdek, 30 dan ziyod mehmonxonalar, 10 ta o‘quv markazlari, 14 ta tibbiyot markazlari, 40 ga yaqin sayyohlik firmalariga jami 1650 jild “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlarini topshirish rejalashtirilgan.
Bugun, 4-martgacha 15 ta manzilga 150 jild kitob-albom sovg’a qilindi. Fotolavha:
"Kitob ulashganlarga minnatdorlik bildiramiz"
"O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi dastlabki kitob-albomlarning Samarqandda o‘tgan taqdimotida qatnashgan edim. O‘shanda beshinchi jildigacha qiziqib o‘qiganman. Mana yana 10 jild tashkilotimizga sovg‘a qilindi. Yurtimizning boy, noyob madaniy merosi bilan tanishtiruvchi ushbu kitoblarni ulashganlarga minnatdorlik bildiramiz", - deydi "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Eldor Mamasoliyev.
"Sovg'alar uchun rahmat..."
"So‘nggi yillarda davlatimizda tarixiy va madaniy merosga bo‘lgan eʼtibor yuqori darajada. Shu vaqtgacha dunyo Samarqandni tarixiy obidalari bilan tanib kelgan bo'lsa, endi Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi boy merosimizni butun dunyoga namoyish etmoqda. Bizda kitob-albomlarning Rossiya etnografiya muzeyidagi merosimizga bag‘ishlangan jildi bor edi. Mana, yana o‘n jild taqdim qilindi. Tibbiyot markazimizda ishlovchi barcha shifokorlar, xodimlar nomidan mana shu sovg‘alar uchun katta rahmat deymiz", - deydi Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibiyot markazi bosh shifokori Lutfillo Mahmonov.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan ushbu kitob-albomlar O‘zbekistonga oid va dunyoning turli mamlakatlari muzeylari hamda shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan san’at asarlari haqidagi keng qamrovli ma’lumotlar to‘plamidir. Kitoblar nafaqat olim va tadqiqotchilar, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosiga qiziquvchi barcha mahalliy va xorijiy o‘quvchilar, yosh avlod vakillari uchun mo‘ljallangan.
Ta’kidlash kerak, jahonda o‘xshashi yo‘q "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining amalga oshirilishi nafaqat madaniy, balki ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ham ega. Chunki u davlat rahbarining tarixiy o‘tmish va madaniy merosga bo‘lgan munosabatini butun dunyoga namoyish etadi. Loyihaga O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganayotgan taniqli olimlar – arxeologlar, san’atshunoslar, tarixchilar, mutaxassislar va ekspertlar jalb qilingan.
Bugungacha mamlakatimizning eng yirik kutubxona va muzeylariga, taʼlim muassasalariga hamda xorijdagi – AQSH, Britaniya kutubxonalariga 2500 dona kitob-albom sovg‘a qilingan.
WOSCU axborot xizmati





_1.webp)



