O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma - Pahlavon Mahmudga tegishli noyob qo‘lyozma AQSHdan Vatanga qaytarildi, deya xabar bermoqda Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati.

2025-yil 17-oktyabr kuni davlat rahbari Pahlavon Mahmudga tegishli qo‘lyozmalarni jahon fondlaridan izlab topish va Vatanga qaytarish bo‘yicha topshiriq berdi. Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida ishchi guruh tuzildi. Izlanishlar natijasida Nyu-Yorkdagi Hofstra universiteti professori, WOSCU a’zosi Aleksandr Naymark kolleksiyasida noyob qo‘lyozma saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.
A.Naymark oilaviy mulk sanalgan ushbu qo‘lyozmani beg‘araz asosda Markaz fondiga taqdim etish istagini bildirdi. O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ko‘magida qo‘lyozma yurtimizga olib kelindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur qo‘lyozma Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz (1845–1910) tomonidan ko‘chirilgan. Uning dastlabki sahifasida “bu ruboiyot ham podshohi Islom Xorazmshohning yozg‘onlari” degan bitik mavjud.
Ishchi guruh tomonidan ilmiy jamoatchilikka noma’lum bo‘lgan 70 dan ortiq ruboiylar aniqlanib, tarjima qilindi. Yaqin vaqt ichida Pahlavon Mahmud qalamiga mansub deb topilgan barcha ruboiylar ilk bor yagona to‘plam sifatida chop etilishi rejalashtirilmoqda. Yaqinda ishchi guruh Mashhad shahridagi Ostoni Qudsi Razaviy kutubxonasida Pahlavon Mahmudga tegishli deb taxmin qilinayotgan “Kanzul-haqoyiq” manzumasini aniqladi. Asarning elektron nusxasi olingan va ayni paytda tarjima ishlari boshlangan.
Buyuk shoir va mutafakkir, javonmardlik tariqatining yirik vakili Pahlavon Mahmud Puryorivaliy (1247–1322) Sharq mumtoz adabiyotida ruboiy janrining yirik namoyandalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Umar Xayyomdan keyin bu janrda ko‘p va mazmunli ijod qilgan shoir sifatida tanilgan. Uning ruboiylarida ezgulik, vatanparvarlik, javonmardlik va olijanoblik g‘oyalari tarannum etiladi. Baxillik, hasad va jaholat kabi illatlar esa keskin qoralanadi.
Shu kunga qadar 330 dan ortiq ruboiy o‘zbek tiliga tarjima qilingan va nashr etilgan. Xorazmdagi Pahlavon Mahmud xalqaro jamoat fondi vakillari tomonidan yana 400 ga yaqin ruboiy aniqlangani ma’lum.
