Turkiyada Amir Temur va temuriylar davri keng o‘rganilmoqda

Turkiyada Amir Temur va temuriylar davri tarixi ilmiy jihatdan uzoq yillardan buyon izchil o‘rganib kelinmoqda.

 

Turkiyada Amir Temur va temuriylar davri keng o‘rganilmoqda

“Dunyo” AA xabariga ko'ra, Turkiyada Amir Temur va temuriylar merosiga bag‘ishlangan fundamental ilmiy nashrlar davlat akademik muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Jumladan Turkiya Fanlar akademiyasi tomonidan 2025-yilda “Amir Temur va uning merosi” nomli ikki tomlik ilmiy to‘plam nashr etilgan. Unda Temuriylar davlat boshqaruvi tizimi, harbiy sanʼati, diplomatik munosabatlari, ilm-fan va madaniyat sohasidagi merosi atroflicha yoritilgan.

 

Turk tarix jamiyati tomonidan Temur va temuriylar davriga bag‘ishlangan qator ilmiy asarlar chop etilgan. Xususan, turk tarixchisi Ismoil Aka tomonidan yozilgan “Temur va uning davlati” hamda “Temuriylar” asarlari Turkiyada asosiy ilmiy manbalardan biri hisoblanadi.

 

Ilmiy maqolalar, asosan Turkiyaning milliy akademik platformasi — “DergiPark” akademik platformasi orqali chop etilmoqda. Ushbu platformada “Amir Temurning mazhab siyosati”, “Temuriylar davlati tarixi bo‘yicha Turkiyada amalga oshirilgan tadqiqotlar bibliografiyasi”, “Boburiylar manbalarida Temur obrazi” kabi maqolalar joylashtirilgan.

 

Turkiya universitetlarida ham Amir Temur mavzusida magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Turkiya milliy kutubxonasi fondida “Temur”, “Temuriylar”, “Temurlang” kalit so‘zlari asosida yuzlab kitoblar, dissertatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar saqlanmoqda.

 

Turk tarixshunosligida XIV–XV asrlar Markaziy Osiyo hamda Anadolu tarixi doirasida tadqiq qilinadi. Ayniqsa, 1402-yil 28-iyulda bo‘lib o‘tgan Anqara jangi Turkiya tarix ilmida alohida o‘rin tutadi. Ushbu jang Amir Temur va Usmoniy sultoni Yildirim Boyazid o‘rtasida kechgan bo‘lib, Usmoniylar davlat tarixida “Inqiroz davri” (1402–1413) boshlangani turk tarixchilari tomonidan keng tahlil qilingan.

Turkiyada Amir Temur va temuriylar davri keng o‘rganilmoqda