Ilgari erkaklar taqinchoqlari orasida uzuklar, jig‘a (hukmdorlar sallasiga qadaladigan maxsus bezak) hamda kamarlar bo'lgan. Ayniqsa, turli toshlar bilan bezatilgan va zarrin kamarlarni alohida qayd etish mumkin. Erkaklar belbog'lari va kamarlari jasorat, mardlik va obro‘-eʼtibor ramzi hisoblangan.
Xorazmda...
Xorazmda badavlat kishilar va zodagonlar teridan tayyorlangan va metall (kumush) naqshlar bila bezatilgan kamar taqib yurgan. Oddiy odamlar ko‘k yoki yashil yo‘l-yo‘l matodan yoxud jundan tayyorlangan belbog‘ – turma va uramal bog‘lagan.

Buxoroda...
Azaldan buxoroliklar belbog‘i did bilan bezatilgan. Yozma manbalardagi maʼlumotlarga ko‘ra, arablar istilosiga qadar dehqonlar va podshohlar avlodlari zarbof belbog‘ bog‘lagan. Bu anʼana o‘rta asrlar so‘ngida ham saqlab qolingan.
Buxoroning oddiy aholisi matodan tayyorlangan belbog‘dan, harbiylar va aslzodalar charm kamardan foydalangan.

Amir kamarbandi charm yoki mayin kimxob, baʼzan zarbof bo‘lib, kumush yoki oltindan yasalgan qadama bezak bilan bezatilgan. Kamar yirik naqshli, qimmatbaho toshlar, qora kumush bilan bezatilgan, tilla suvi zarhalli kumush to‘qaga taqilgan.
Kumushdan tayyorlangan, feruza va qimmatbaho toshlar bilan mohirona bezatilgan Buxoro kamarlari zargarlik sanʼatining o‘ziga xos buyumi bo‘lgan. Shu bilan birga, balo-qazolardan asrash vazifasini ham o‘tagan. Qadimiy rivoyatlarga ko‘ra, kumush zahar kuchini kesib, yovuz ruhlarni haydagan va poklikni saqlagan.

Buxorolik ustalar erkaklarning anʼanaviy bayram choponlari uchun yirik naqshli, qimmatbaho tosh va qora kumush bilan bezatilgan to‘qali kamarlar tayyorlaganlar. Baʼzan kamarga aylana yoki jimjimador medalyonlar qadab chiqilgan. Eng qimmat kamarlar nafis naqshli, qayrilgan zargarlik plastinkalaridan tashkil topgan. Albatta, har qanday kamarda unga osiladigan qinli pichoq va kamar sohibining jamiyatdagi maqomiga muvofiq qilich bo‘lgan.

Rus etnografi, rassom, fotograf va sayyoh S.M. Dudin ana shunday kamarlarni tavsiflar ekan, "(Buxoro va Buxoro hududida) yuqori mavqedagi mansabdorlar o‘z rutbasini namoyon etish uchun kumush bezakli kamarlar taqishgan"ini yozadi. "Bu kamarlar oddiy odamlarnikidan shunisi bilan farq qiladiki, ularga hiloldon deb ataladigan maxsus to‘rtburchak charm hamyon qo‘shib tikiladi, turli toshlar va boshqa qimmatbaho bezaklar qadaladi".
