IX–XV asrlarga oid bu meʼmoriy yodgorlik Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy (taxm. 750/760 – Termiz – taxm. 869) nomi bilan bog‘liq.
Hakim at-Termiziy meʼmoriy majmuasi masjid, maqbara, xonaqoh, qorixona kabi binolardan iborat bo‘lgan va asrlar davomida bir necha bor qayta qurilgan. Rivoyatlarga qaraganda, dastlab mazkur maskanda xom g‘ishtdan xonaqoh (IX asr) bunyod etilgan. Hakim at-Termiziy shu yerda yashab, mudarrislik qilgan. Binodan keng hovlining bir qismi, qalin devor va shimoli-sharqiy burchagida uncha katta bo‘lmagan yerto‘lasimon hujra saqlangan. Qabr ustiga, xonaqohning janubiy-g‘arbiy burchagida xom g‘ishtdan janubga qaratib maqbara bunyod etilgan.
Temuriylar hukmronligi davrida (XV asr) xonaqoh baland asos ustiga pishiq g‘ishtdan qayta qurilgan. Unga tutash bo‘lgan xonalar taʼmirlangan. Xonaqohning shimoliy va janubiy tomonlariga peshtoq ishlangan. Xonaqoh hovlisidagi gumbazli masjidning g‘arbiy devor markazida keng hoshiyali mehrob bor. Undagi bo‘rtma yozuv, sopol shakllar, oraliq zaminidagi o‘yma ganch bezaklar o‘ziga xos. Maqbara ichi ganch bezakda serhasham pardozlangan. Gumbaz osti sharafasida kufiy xatida Qurʼoni karimdagi “Yosin” surasi yozilgan.

Hakim at-Termiziy – mashhur mutasavvif. Shayxning tarjimayi holiga oid maʼlumotlar o‘rta asr arab mualliflaridan Tojiddin Subukiy , Shamsiddin az-Zahabiy, Abu Naim, Ibn Hajar al-Asqaloniy, Abu Abdurahmon as-Sullamiy, ad-Dimyotiy, al-Minoviy, Ibn al-Imod va boshqalarning asarlarida, shuningdek, allomaning o‘zi yozgan "Buduv ash-shaʼni Abi Abdilloh" ("Abu Abdulloh ishining boshlanishi") avtobiografik risolasida keltirilgan.
Shuningdek, allomaning qabri ustiga o‘rnatilgan sag‘ana bitiklarida ham uning hayoti haqida baʼzi maʼlumotlar bor. Hakim at-Termiziy yoshlik yillarida o‘z yurtida taniqli olimlardan taʼlim olgan. Ilmini takomillashtirish maqsadida Sharq mamlakatlarining ko‘p shaharlarida, jumladan, Balx, Nishopur, Bag‘dod, Makka va Madinada bo‘ladi. O‘sha davrning yirik allomalari bilan ilmiy bahs va munozaralarda ishtirok etadi. Misrlik olim shayx Abdulfattoh Abdulloh Barakaning dalolat berishicha, Hakim at-Termiziy 400 dan ortiq asar yozgan, ulardan 60 ga yaqini bizgacha yetib kelgan. Hakim at-Termiziy asarlarining aksariyati qo‘lyozma holda jahonning yirik shaharlaridagi qo‘lyozmalar xazinalarida saqlanadi.
QABRTOSHIDAGI BITIKLAR
Hakim at-Termiziy sag‘anasi – temuriylar davriga oid marmar o‘ymakorligi yodgorliklari orasida nihoyatda diqqatga sazovor namunalardan biri. Hozirgi vaqtga qadar al-Hakim at-Termiziy sag‘anasida mavjud bo‘lgan barcha matnlardan V.V. Bartold tomonidan amalga oshirilganiga bir asrdan ham oshib ketgan qismi va XX asrning 30-yillarida A.A. Semyonov tomonidan unchalik ham aniqraso bajarilmagan bag‘ishlovnoma – epitafiya tarjimasi bosma nashrlarda eʼlon qilingan, xolos.
Sag‘ana toshi matnlarining o‘zini esa ularning mazmuni va joylashgan o‘rniga qarab to‘rt qismga ajratish ham mumkin, jumladan:
1) sag‘ana toshi janubiy ko‘ndalang kesimi yuzasida joylashgan marhumga bag‘ishlovnoma matn – epitafiya;
2) birinchi pog‘ona – asosning cho‘zinchoq yonbosh va qisqaroq ko‘ndalang yuzalaridagi matn; undagi kitobalar Muhammad payg‘ambar hadislarini o‘zida ifoda etadi;
3) Sag‘ana toshining o‘rta qismi esa cho‘zinchoq yonbosh va qisqaroq ko‘ndalang yuzalari naqshu nigor va bitiklar bilan ziynatlangan parallelipiped shaklidagi qabrtoshning asosiy qismini tarkib toptirgan; matnlarning ko‘pchilik qismi duolar, yaʼni "Duoyi qadah" matnini o‘zida ifoda etadi;
4) Sag‘ananing sandiqsimon cho‘zinchoq qubbasiga "Duoi Ukkosha" bitilgan.
Sag‘ana o‘rta pog‘onasidagi matnlar yuqori polosasida yirik suls xatida yozilgan Hadisi sharif bilan yakunlanadi. Ushbu bitik gulli kufiyda nihoyatda nafis ko‘rinishdagi xat bilan amalga oshirilgan:
"Rasululloh (u zotga Allohning saloti va salomi bo‘lsin) aytdilar: "Qiyin ahvolga tushib qolsangiz, qabr ahlidan yordam so‘rang".


