Alisher Navoiyning “Badoeʼ ul-bidoya” devonining Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasi ilk bor faksimile shaklida nashr etildi. Bu haqda Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) xabar qildi.

Bu asar devonning Parij, London, Tehron, Boku va Toshkentda saqlanayotgan besh nusxasidan keyingi oltinchi qo‘lyozma nusxasidir. Qo‘lyozma mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan 1484-1485-yillarda Hirotda ko‘chirilgan.
"Buyuk shoir, adib, tilshunos va faylasuf Navoiyning madaniy merosiga hissa qo‘shadigan ushbu nashr O‘zbekiston Madaniy meros agentligi va IRCICA tomonidan amalga oshirilgan qo‘shma tadqiqot loyihasi natijasidir", deyiladi tashkilot xabarida.
“Tavfiqnashr” nashriyotida chop etilgan kitob Aftondil Erkinov, Ashirbek Mo‘minov tomonidan o‘zbek, ingliz va rus tillarida tayyorlangan ilmiy maʼlumotlar bilan taʼminlangan.
