Ibn Sino va Beruniy yozishmalari — noyob maʼnaviy-ilmiy meros

Ibn Sino va Beruniy yozishmalari — noyob maʼnaviy-ilmiy meros

Xorazm va Buxoro zaminidan yetishib chiqqan ikki buyuk alloma — Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy oʻrtasidagi ilmiy savol-javoblar noyob maʼnaviy-ilmiy merosdir. Fan tarixida ilk intellektual munozaralar aks etgan ushbu nodir qoʻlyozmalardan biri Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi orqali keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

Ibn Sino va Beruniy yozishmalari — noyob maʼnaviy-ilmiy meros
Foto: ISM

Xorazm va Buxoro zaminidan yetishib chiqqan bu ikki buyuk alloma bir davrda yashab ijod qilgan. Shu bois, ularning oʻzaro munosabatlari, ilmiy muloqotlari va bahslari bugungi kunda ham tadqiqotchilarni qiziqtirib keladi. 

 

X asr oxirlarida Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy oʻrtasida olib borilgan ilmiy yozishmalar oʻsha davrda astronomiya, falsafa va fizika sohalarida shakllangan qarashlar haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Ushbu yozishmalarda Beruniy tomonidan qoʻyilgan savollarga Ibn Sino batafsil javoblar yoʻllagan.

 

Manbalarga koʻra, Ibn Sino Beruniyning deyarli barcha savollariga javob bergan boʻlsa-da, Beruniy yozishmalarning birinchi qismidagi oltinchi va sakkizinchi, shuningdek, ikkinchi qismdagi sakkizinchi javobdan tashqari, qolgan javoblarga eʼtiroz bildirgan. Ushbu eʼtirozlarga Ibn Sinoning shogirdi boʻlgan Abu Abdulloh Maʼsumiy javob yozib, ustozining fikrlarini himoya qilgan va mustahkamlagan. Maʼsumiy Ibn Sinoning yaqin shogirdlaridan boʻlib, buyuk alloma oʻzining mashhur “Kitob ul-ishq” asarini aynan unga bagʻishlagan.

 

Mazkur yozishmalarning qoʻlyozmalari bugungi kunda jahonning turli ilmiy fondlari va kutubxonalarida saqlanadi. Risola ilk bor 1917-yilda Qohirada chop etilgan “Jomiʼ ul-badoiʼ” toʻplamida nashr qilingan. Shuningdek, 1953-yilda Istanbul universiteti tomonidan eʼlon qilingan “Ibn Sino risolalari” (ikki jildlik) asarining ikkinchi jildidan ham oʻrin olgan. Ushbu yozishmalarni ilmiy jihatdan chuqur oʻrganish asosan XX asrning birinchi yarmidan keyin boshlangan.


“Beruniy va Ibn Sinoning savol-javoblari” nomi bilan tanilgan risola ilk bor 1950-yilda alohida kitob holida oʻzbek, arab va rus tillarida nashr etilgan boʻlib, u jami 18 ta savol-javobdan iborat.