Berlinda o‘zbek miniatyura sanʼati namoyish etildi

Berlinda o‘zbek miniatyura sanʼati namoyish etildi

Germaniya poytaxtida mamlakatimiz elchixonasi va “San‘at – Forum” (San‘at – Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V.) madaniy jamiyati bilan hamkorlikda “Asrlarni bog‘lagan meros: o‘zbek miniatyura sanʼati” nomli ko‘rgazma tashkil etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.

Berlinda o‘zbek miniatyura sanʼati namoyish etildi

Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan Temuriylar davri anʼanalari va nozik ijro texnikasini saqlab qolgan holda yaratilgan zamonaviy o‘zbek miniatyurasi namunalari o‘rin olgan. Bu asarlar mumtoz merosning bugungi kundagi izchil davomiyligini va badiiy tafakkurning yangi qirralarini aks ettiradi. Uning konseptual asosini Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning boy adabiy merosi tashkil etadi. Ularning XV asrdan buyon Markaziy Osiyo miniatyura maktabi uchun asosiy ilhom manbai bo‘lib kelayotgan barhayot asarlari nafaqat mintaqa adabiyotini shakllantirgan, balki axloqiy g‘oyalar, ruhiyat va tabiat uyg‘unlashgan o‘ziga xos vizual obrazlar tizimiga zamin yaratgan.

Berlinda o‘zbek miniatyura sanʼati namoyish etildi

Tadbir doirasida “San‘at – Forum” madaniy jamiyat rahbari Zuhra Rahmatova tomonidan mehmonlarga miniatyura texnikasi, syujet manbalari va uning bugungi kunda davomiyligi haqida maʼlumot berildi. O‘zbek miniatyurasi XIV–XVI asrlarda, xususan, Temuriylar Renessansi davrida yuksaklikka ko‘tarilgani, u G‘arb tasviriy sanʼatiga xos istiqbol (perspektiva) va hajmdorlik (soya-yorug‘) tamoyillaridan farq qilib, ramziy makon va shartli vaqt tushunchalariga asoslanishi ta'kidlandi.

 

Mazkur ko‘rgazmada Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi ustozlari - Avazbek Qodirov, Zilola Sulaymonova, Shohrux Butayev, Sabrina Jonibekova va isteʼdodli shogirdlar Olim Omonov va Ibrat Fayzullayev kabi isteʼdodli musavvirlarning ijod namunalari taqdim etilgan. 

 

Berlinda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib etishda katta ahamiyat kasb etadi. Tadbir nafaqat Temuriylar davri miniatyura maktabining noyob anʼanalarini xorijlik tomoshabinlarga tanishtirdi, balki “ustoz-shogird” maktabi asosida shakllangan zamonaviy o‘zbek musavvirlarining yuksak mahoratini ham namoyish etdi.