Iskandar Sulton tole’nomasi — Temuriylar davrining nodir asari

Iskandar Sulton tole’nomasi — Temuriylar davrining nodir asari

Sohibqiron Amir Temurning nabirasi Iskandar Sultonning shaxsiy tole’nomasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Bu haqda Markaz axborot xizmati xabar qildi.

Iskandar Sulton tole’nomasi — Temuriylar davrining nodir asari

Iskandar Sulton tole’nomasi nafaqat tarixiy hujjat, balki besh asrdan ortiq vaqtdan keyin ham olimlar, san’atshunoslar va tashrif buyuruvchilarning diqqatini tortayotgan nodir asar hisoblanadi. 

 

Tole’noma Iskandar Sulton 27 yoshga to‘lganda tuzilgan va tug‘ilgan sanasini aniqlash imkonini beradi. Tole’noma Ulug‘bek saroyida xizmat qilgan G‘iyosiddin Jamshid Koshiyning bobosi Maqsud ibn Hasan Koshiy tomonidan 1411-yilda tuzilgan. Tole’noma qo‘lyozmaning 18b-19a varaqlaridan joy olgan. Ushbu qo‘lyozma Eronning Sheroz rassomlik maktabi namunasi hisoblanadi. U qo‘sh sahifadan iborat bo‘lib, unda temuriy shahzoda Iskandar Sulton ibn Umarshayx Mirzoning tavallud paytidagi osmondagi asosiy burj va sayyoralar holati tasvirlangan. Iskandar Sulton (1384–1415) uchun tayyorlangan bu nodir qo‘lyozma nafaqat shaxzodaning tug‘ilgan sanasini va shaxsiy tole’nomasini ko‘rsatadi, balki Temuriylar davri san’ati va saroy madaniyatiga oid ko‘plab ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi.

 

Iskandar madaniyatli inson, san’at va adabiyot homiysi edi. U kitoblar kuchirtirdi, kutubxonalarni rivojlantirdi va ilm-fanga ulkan e’tibor qaratdi. 1410-yilda u tug‘ilgan paytdagi yulduz va sayyoralar holatini aks ettiruvchi shaxsiy tole’noma tuzdirdi. Bu asar o‘sha davrning eng go‘zal namunasi bo‘lib, unda burjning o‘n ikki belgisi hayotiy va mukammal tarzda tasvirlangan edi.

 

Iskandar Sulton tole’nomasi bezaklari bilan ajralib turadi. Lojuvard va oltin bilan qo‘lda bezatilgan sahifalar Temuriylar davridagi kitobat san’atining eng zo‘r namunasi hisoblanadi. Shahzoda Iskandarga berilgan Iskandar Zulqarnayn nomi va tole’nomadagi astronomik ma’lumotlar, bu qo‘lyozmaning nafaqat tarixiy, balki ilmiy ahamiyatga ham ega ekanligini ko‘rsatadi.

Iskandar Sulton tole’nomasi — Temuriylar davrining nodir asari

Tole’noma hukmdorlar hayotida muhim rol o‘ynab, janglar, nikohlar va qurilishlar uchun qulay sana va vaqtlarni belgilashda qo‘llangan.