Boburiy Jahongirning osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalari

Nuriddin Jahongir otasi Akbardan keyin Boburiylar saltanati taxtiga o‘tirgan. Bungacha u Salim nomi bilan mashhur bo‘lgan.

 

Salim nomi ostida zarb qilingan tangalar Qobul va Ahmadobod zarbxonalaridan keltirilgan. U o‘z hukmronligining birinchi yilida otasining portreti tushirilgan oltin muhr chiqargan. Hukmronligining oltinchi va to‘qqizinchi yillarida esa o‘zining portreti tushirilgan oltin tangalar zarb qilgan. 

 

Ayrim tangalarning old tomonida hukmdor qo‘lida bir qadah sharob yoki Qurʼoni karim bilan tasvirlangan bo‘lsa, orqa tomonida quyosh fonida tasvirlangan sherni ko‘rish mumkin. Bu tangalar keng muomalada foydalanishga mo‘ljallanmagan, balki elchilar, saroy ayonlari va sodiq xizmatkorlarga shohona sovg‘a sifatida taqdim qilingan. 

 

Jahongir o‘z hukmronligining o‘n uchinchi yilida osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalar chiqargani bilan ham shuhrat qozongan. Ushbu tangalarning old tomonida ikki misra forscha sheʼr, orqa tomonida burj belgilari tasvirlangan. U o‘zining tarjimai holida burj belgilari tushirilgan tangalarni chiqarish o‘zining shaxsiy g‘oyasi bo‘lganligini qayd qilib o‘tgan. Jahongir chiqargan tangalarning muhim xususiyati fors tilidagi baytlar edi. Bunday tangalar turli zarbxonalarda zarb qilingan va har xil baytlar bilan bezatilgan. 

Boburiy Jahongirning osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalari
Boburiy Jahongirning osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalari
Boburiy Jahongirning osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalari
Boburiy Jahongirning osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalari
Boburiy Jahongirning osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalari
Boburiy Jahongirning osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalari
Boburiy Jahongirning osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalari
Boburiy Jahongirning osmon burjlari nusxali oltin va kumush tangalari

Hukmronligining so‘nggi yillarida Jahongirning rafiqasi, boburiy malika Nurjahon o‘z nomidan tangalar chiqaradi. Ayrim olimlar bu faktga asoslangan holda, Jahongir hukmronligining so‘nggi bosqichida Nurjahon saltanat ustidan hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan, degan xulosaga ham kelishgan.