Buxoro va Sherozda yaratilgan asl miniatyura asarlar Vatanga qaytarildi

Buxoro va Sherozda yaratilgan asl miniatyura asarlar Vatanga qaytarildi

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida XV–XVI asrlarga mansub, Buxoro va Sherozda yaratilgan asl miniatyura asarlari ilk bor keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Ular Buyuk Britaniya auksion uylari kolleksiyalaridan yurtimizga olib kelingan. Bu haqda Markaz axborot xizmati ma'lum qildi.

 

Uch miniatyura tavsifi:

 

  • “Xusravning o‘limi” miniatyurasi Buxoroda, 1570-yil o‘rtalari Shayboniylar davrida yaratilgan bo‘lib, Abdullo Hotifiyning “Xusrav va Shirin” dostonidagi eng dramatik lahzani tasvirlaydi;
Buxoro va Sherozda yaratilgan asl miniatyura asarlar Vatanga qaytarildi
  • “Yigit mahbubasiga she’r o‘qimoqda” miniatyurasi — XVI asr o‘rtalari Buxoro tasviriy san’at maktabining lirik qirrasini ochadi. Miniatyurada tasvirlangan yigitning mahbubasi oldida she’r o‘qishi sahnasi orqali Shayboniylar davri madaniy muhiti, adabiyot va she’riyatga bo‘lgan yuksak ehtirom aks etadi;
Buxoro va Sherozda yaratilgan asl miniatyura asarlar Vatanga qaytarildi
  • “Bahrom Chubin Savashohni o‘ldirmoqda” miniatyurasi esa butunlay boshqa ruhda yaratilgan. Safaviylar davriga, 1571-yilga mansub bu asar Sherozda, Behzod miniatyura maktabi an’analari asosida ishlangan. Unda tarixiy voqea — hokimiyat va kuch uchun kurash lahzasi nihoyatda dinamik tarzda berilgan. Qahramonlarning harakati, qurollar, otlar va keskin ranglar dramatik keskinlikni oshiradi. Qog‘ozda oltin bilan bo‘rttirib ishlangan tiniq ranglar, ikki karra oltin hoshiya va nasta’liq xatida bitilgan matn Behzod maktabiga xos yuksak kompozitsion madaniyatni ko‘rsatadi. 
Buxoro va Sherozda yaratilgan asl miniatyura asarlar Vatanga qaytarildi

 

Rustam JABBOROV, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kotibi: 


O‘rta asr qo‘lyozmalariga ishlangan Sharq miniatyuralari jahon tasviriy san’atining o‘ziga xos va nozik qatlamini tashkil etadi. Bu suratlar nafaqat badiiy asar, balki tarixni o‘rganishda birlamchi va muhim manbalardan biri sifatida ham qadrlanadi. Miniatyuralarda davrning maishiy hayoti, siyosiy voqealari, estetik qarashlari va inson ruhiyati ramzlar orqali ifoda etilgan. O‘rta asr miniatyura san’ati rivojida Temuriylar davri Renessansi katta o‘rin tutadi. Samarqand, Buxoro, Hirot kabi markazlarda mustaqil miniatyura maktablari shakllanib, Kamoliddin Behzod, Darvish Muhammad, Mahmud Muzahhib kabi buyuk musavvirlar yetishib chiqdi. Bu jarayon Amir Temur, Shohrux Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Shayboniyxon kabi davlat arboblari va mutafakkirlarning san’atga bo‘lgan g‘amxo‘rligi bilan chambarchas bog‘liq edi. Ana shu ijodiy an’analar keyinchalik Shayboniylar va Safaviylar davrida ham izchil davom etdi".