O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi nafaqat yurtimizdagi balki Markaziy Osiyodagi eng qadimgi va boy muzeylardan biri. Hozir muzey joylashgan bino 1970-yilda qurilgan bo‘lib, modernizm davriga oid arxitektura yodgorligi sifatida moddiy, madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Binoda isitish-sovutish tizimi eskirgan, marmar bezaklar taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan. Shu bilan birga, muzey ekspozitsiyasi so‘nggi bor 2003-yilda yangilangan. 2024-yili bu yerda taʼmirlash hamda rekonstruksiya ishlari boshlandi.
2020-yilda muzey ilmiy jamoasining saʼy-harakatlari bilan Toshkent shahri tarixi muzeyi tashkil etildi, u hozirgi kunda muzey filiali sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Muzey qachon ochiladi?
2026-yilda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 150 yilligi nishonlanadi. Yaqin kunlarda muzey hamyurtlarimiz va xalqaro tashrifchilar uchun ochiladi. Taʼmirlash ishlari deyarli yakunlandi. Shuningdek, yubiley munosabati bilan bir qancha kitoblar nashr etilishi reja qilingan. Bu haqda muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismailova O'zAga bergan intervyusida ma'lum qildi.

TARIX MUZEYINING TARIXI
1992-yilda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq qayta tuzilgan muzey o‘z vaqtida 1876-yilda tashkil qilingan Toshkent muzeyi negizida shakllangan edi. 1943-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilishi bilan muzey respublikaning bosh muzeyi sifatida uning tasarrufiga kiritildi.
Hozirga qadar muzeyning nomlari tarixiy, siyosiy va tarmoqlashuv sabablariga ko‘ra bir necha bor o‘zgargan. Masalan, “Turkiston xalq o‘lkashunoslik muzeyi” (1918), “O‘rta Osiyo Bosh muzeyi” (1922), “Markaziy tarix va inqilob tarixi muzeyi” (1933) va shu kabi ko‘plab nomlar ostida qayta tashkil etilgan. 1992-yildan boshlab esa hozirgi nom bilan atala boshlangan.
Bugunda MUZEY fondlari 340 minga yaqin ashyolar, shu jumladan 70 mingdan ortiq arxeologik, 100 mingdan ortiq numizmatik, 18 mingga yaqin etnografik ashyolar, o‘lkaning yangi va eng yangi davri tarixiga oid 120 mingdan ortiq fotosurat va hujjatlar, 18 mingdan ortiq moddiy yodgorliklar va boshqalarni o‘z ichiga olgan. Muzeyning arxeologiya fondi ibtidoiy, antik va o‘rta asrlar davriga oid 325 ta kolleksiyadan iborat.

