XVII–XVIII asrlarda yaratilgan Yevropa xaritalarida Markaziy Osiyo noaniq hudud emas, balki Buxoro, Samarqand va Xiva kabi aniq ilmiy va savdo markazlari joylashgan makon sifatida tasvirlangan.
Jan-Batist Lui Klue tomonidan tuzilgan dunyo xaritasida Yer shari G‘arbiy va Sharqiy yarimsharlarga ajratib ko‘rsatilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo “Grande Tartarie” nomi ostida berilgan. Bu umumlashtiruvchi atama orqali Yevropa ilmiy muhitida mintaqa yaxlit geografik makon sifatida tasavvur qilingani anglashiladi.

Antonio Zatta tomonidan 1774-yilda Venetsiyada nashr etilgan “Yer sharining umumiy tavsifi” xaritasi esa Yevropa kartografiyasida ilmiy tajriba sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Kvadrat shakldagi proyeksiya geografik kenglik va uzunliklarning aniq hisobini berishga qaratilgan bo‘lib, bu xarita Klue xaritasiga nisbatan aniqlik darajasining oshganini ko‘rsatadi. Unda ham “Tartarie” atamasi saqlangan, O‘zbekiston hududiga tegishli shaharlar yanada ravshan va tizimli holda berilgan.
Giyom Delilning Osiyo xaritasi Yevropa kartografiyasida ilmiy asoslangan yondashuvning yuqori bosqichini aks ettiradi. U arab geografik merosi va Yevropa ekspeditsiyalari maʼlumotlarini uyg‘unlashtirib, Markaziy Osiyoning murakkab geografiyasini nisbatan aniq ko‘rsatgan. Xaritada “Grande Tartarie” markaziy o‘rinni egallagan, Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlar alohida belgilangan.
Jovanni Jakoma de Rossi tomonidan tuzilgan “Buyuk Tartariya” xaritasida esa Markaziy Osiyo turli qismlarga ajratilib ko‘rsatiladi. “Tartaria Moscovitica”, “Tartaria Chinensis” va “Tartaria Indépendante” kabi nomlanishlar Yevropa kartograflarining mintaqani siyosiy nuqtai nazardan farqlashga urinayotganini ko‘rsatadi. Bu xaritada ham O‘zbekiston hududiga tegishli shaharlar doimiy geografik nuqtalar sifatida aks ettirilgan.

Nikolya Sanson tomonidan tuzilgan xaritalarda Markaziy Osiyo va O‘zbekiston yana-da umumlashtirilgan holda “Tartarie” nomi ostida berilgan. Biroq Kaspiy dengizi, Orol dengizi, Amudaryo va Sirdaryo kabi muhim geografik obyektlarning qayd etilishi mintaqa haqidagi bilimlar asta-sekin aniqlashib borayotganini ko‘rsatadi.
Iogann Baptist Gomann va Nikolya de Fer xaritalarida O‘zbekiston hududi nafaqat geografik, balki geosiyosiy nuqtai nazardan ham muhim makon sifatida namoyon bo‘ladi. Bu xaritalarda hududlar ranglar orqali ajratilgan, shaharlar va savdo yo‘llari aniq ko‘rsatilgan. De Fer xaritasida Rossiya imperiyasining Sharqqa qarab kengayishi fonida Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati yana-da yorqin aks etadi.
Abraxam Maasning 1735-yilda Nyurnbergda nashr etilgan “Kaspiy dengizi va O‘zbek mamlakati” xaritasi Yevropa kartografiyasida O‘zbekiston nomining ochiq va mustaqil ravishda qo‘llanishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Unda “Usbeck” nomi ostida Xiva, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona va Turkiston vohalari bir butun hudud sifatida tasvirlangan. Bu holat XVIII asrda Yevropa ilm-fani O‘zbekistonni mustaqil, aniq geografik va siyosiy makon sifatida qabul qila boshlaganidan dalolat beradi.

Bu xaritalar nafaqat geografiya tarixi, balki O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini anglashda ham qimmatli manba hisoblanadi.
Ushbu xaritalarning barchasini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasida ko‘rish mumkin.
